O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi O‘RQ-931-son “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonunining asosiy mazmuni — xodimning shaxsiy manfaatlari uning xizmat vazifalarini xolis va halol bajarishiga ta’sir ko‘rsatishining oldini olish, bunday holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishdan iborat. Qonun korrupsiyaviy xavflarni oldindan aniqlash va preventiv choralarni kuchaytirishga qaratilgan.
Manfaatlar to‘qnashuvi — xodimning shaxsiy manfaatdorligi uning xizmat vazifalarini bajarishiga ta’sir qilayotgan yoki ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan vaziyatdir. Bunday manfaat bevosita yoki bilvosita bo‘lishi mumkin.
Qonunning muhim jihatlari quyidagilardan iborat:
-manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va aniqlash;
-xodimning shaxsiy manfaatlari bilan xizmat vazifalari o‘rtasidagi ziddiyatni oshkor qilish;
-mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi haqida belgilangan tartibda xabar berish;
-manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelgan holatda xodimning tegishli qaror qabul qilish jarayonidan chetlashtirilishini ta’minlash;
-tashkilotlarda manfaatlar to‘qnashuvini aniqlash va tartibga solish bo‘yicha ichki nazorat mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish.
Qonunning mohiyati shundan iboratki, xodim o‘zining shaxsiy yoki yaqinlarining manfaatlarini xizmat manfaatlaridan ustun qo‘ymasligi kerak. Masalan, xodim o‘z qarindoshiga tegishli tashkilot bilan shartnoma tuzish, tenderda qaror qabul qilish yoki boshqa xizmat masalasida manfaatdor bo‘lsa, bu holat yashirilmasligi va belgilangan tartibda tartibga solinishi lozim.
Xalq deutatlari Amudaryo tuman Kengashi deputati
RAJABOVA XONIMJON