Ta’kidlash joizki, ta’lim tizimi bugungi kun talablariga javob berishi uchun sohada sifatni ta’minlash muhim ahamiyatga ega. Eng avvalo, bu masala pedagogning mahoratiga uzviy bog‘liq. Shu ma’noda, so‘nggi yillarda mamlakatimizda pedagoglarning huquqiy maqomini oshirish borasida salmoqli ishlar qilindi. Xususan, Asosiy Qonunimizda O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilishi belgilab qo‘yildi. Bu esa jamiyatda o‘qituvchilarning har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishi natijasida ta’limning barcha turlarida yuqori sifat o‘zgarishlarga erishilishi ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’limda sifat bo‘lishi uchun, eng avvalo, pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bunga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, bu borada aniq vazifalarni belgilab berdi. Shu o‘rinda, yig‘ilishda pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan vazifalarning quyidagi muhim jihatlariga e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Eng avvalo, pedagoglarni rivojlangan xorijiy davlatlarda malakasini oshirish tizimini takomillashtirish. Mazkur tizim o‘qituvchilarga yuqori sifatli ta’lim standartlari, innovatsion metodlarni o‘rganish va tajriba almashish imkoniyatini beradi. Rivojlangan davlatlarda pedagoglarning malakasini oshirish kurslari zamonaviy metodika, psixologiya, pedagogika va axborot texnologiyalari asosida tashkil qilinadi. Xorijdagi malaka oshirish jarayonlarida o‘qituvchilar yangi pedagogik texnologiyalar, STEAM ta’limi, inklyuziv ta’lim va shaxsga yo‘naltirilgan yondashuvni amalda ko‘rib, o‘zlashtiradi.
Aniq sonlarga e’tibor qaratsak, bir yil ichida 215 nafar o‘qituvchi Angliya, Fransiya, Singapur, Yaponiya, Janubiy Koreyadagi eng nufuzli universitetlarda malaka oshirdi. Eng muhimi, xususiy maktablar ham bu tizimga qo‘shilib, o‘qituvchilarini xorijga jo‘natmoqda. Kelgusida malaka oshirishga borayotganlarning 25-30 foizi xususiy maktablardan bo‘lishi belgilandi. Joriy yilning o‘zida pedagogika oliygohlari va malaka oshirish markazlaridan kamida 5 nafardan, har bir tumandan shunchadan muallimni xorijga yuborish vazifasi qo‘yildi.
Yana bir muhim jihat, pedagoglarni milliy malaka oshirish tizimini yangi bosqichga olib chiqish. Bu borada Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti faoliyatini takomillashtirish va pedagogika oliygohlarini yangi bosqichga olib chiqishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, ushbu institut transformatsiya qilinib, uning 13 ta hududiy markazi qayta tashkil etilishi belgilandi.
Pedagoglarning mahoratini oshirish bu ta’lim tizimining yuksalishi va barqaror rivojlanishining asosiy tayanchidir. Pedagoglar qancha bilimli, innovatsion bo‘lsa, ta’lim shuncha yuqori, samarali va zamonaviy bo‘ladi.
Elyorjon Saidov,
Xalq deputatlari Chinoz tumani Kengashi deputati