Янгиликлар

Сўнги янгиликлар

янв.21
Ўзбекистон Республикаси Президентининг 2025 йил 23 июндаги “Ўзбекистон Республикасида маҳаллий давлат ҳокимияти вакиллик органлари фаолиятини 2030 йилга қадар ривожлантириш” концепцияси тасдиқлаш тўғрисидаги ПФ-98 Фармони бўйича
янв.21
2025-yil 16-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi, aholini o‘ylantirayotgan masalalarga yechim topish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi tafsilotlari hamda mazmun-mohiyati to'g'risida
янв.21
2025 йил 10-11 июнь кунлари бўлиб ўтган IV-Тошкент халқаро инвестиция форуми ҳамда хорижий инвесторлар кенгаши мажлисидаги Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг нутқларида илгари сурилган энг муҳим ташаббус ва иқтисодий кўрсаткичлар бўйича
янв.21
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев ва Болгария Республикаси Президенти Румен Радевнинг расмий делегациялар иштирокидаги музокаралари бўйича
янв.21
Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёев раислигида 26 май куни маҳаллий саноатни ривожлантиришга қаратилган устувор вазифалар юзасидан видеоселектори бўйича
янв.21
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-maydagi “Prezident iqtidorli farzandlari” tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-86-son Farmoni mazmun-mohiyati yuzasidan
янв.21
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-may kungi “«Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusini amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-86-sonli Farmoni
янв.21
Халқ депуталари туман Кенгаши котибияти мудимри Аманов Бахтиёр Норматовичнинг Ўзбекистон ва Венгрия ўртасида кенгайтирилган стратегик шериклик муносабатлари ўрнатилиши тўғрисидаги МУНОСАБАТИ
янв.21
Baxmal tumanida 80-maktabida investitsiya dasturi asosida, 96 o'rinli qo'shimcha bino va 12×24 sport zal qurilishi to'g'risida
янв.21
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida joriy yil 15 may kuni maktab ta'limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi to'g'risida
Munosabat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkiy davlatlar tashkiloti norasmiy
sammitidagi nutqi

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari! 

Siz, azizlar bilan asrlar davomida Sharq va
G‘arb o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘lib kelayotgan go‘zal Budapesht shahrida uchrashib
turganimizdan behad mamnunman.
 

Bugungi yig‘ilishimizga yuksak darajada mezbonlik
qilayotgan hurmatli Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Janobi Oliylari sha’niga aytilgan
minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.
 

Tashkilotimizda muvaffaqiyatli raislik qilayotgan
hurmatli Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Nurgojoevich Japarov Janobi Oliylariga
yangi yutuqlar tilayman.
 

Muhtaram hamkasblar! 

Bugungi sammitimiz shiddat bilan o‘zgarayotgan
global vaziyat va oldindan aytib bo‘lmaydigan murakkab jarayonlar sharoitida o‘tmoqda.
Geosiyosiy va geoiqtisodiy ziddiyatlar, mintaqaviy nizolar va iqlim o‘zgarishi oqibatlarining
kuchayishi barchamiz uchun katta sinov bo‘lmoqda.
 

Shu sababli dolzarb muammolar yechimi bo‘yicha
davlatlarimizning umumiy yondashuv va pozitsiyalarini kuchaytirish har qachongidan
ham muhimdir.
 

Ta’kidlash lozimki, biz eng og‘riqli muammolarga
xalqaro huquq me’yorlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi asosida yechim
topish zarur, deb hisoblaymiz.
 

Ukraina atrofidagi vaziyatni diplomatiya va
muzokaralar yo‘li bilan hal etishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Hurmatli Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Janobi Oliylarining bu boradagi
munosib hissasini alohida e’tirof etmoqchiman.
 

G‘azoda sulh bitimining buzilishi va harbiy
harakatlarning qaytadan boshlanishi barchamizni chuqur tashvishga solmoqda. Toki
“Ikki xalq uchun – ikki davlat” tamoyili ro‘yobga chiqmas ekan, Falastin-Isroil
nizosining adolatli yechimini topish mumkin emas.
 

Global va mintaqaviy xavfsizlik haqida so‘z
yuritar ekanmiz, Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni inobatga olishimiz va unga birgalikda
yechim topishimiz lozim. Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonot qabul qilinayotgani
tuzilmamizning bu masalaga jiddiy e’tibor qaratib kelayotganidan dalolat beradi.
 

Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari! 

Biz qisqa vaqt mobaynida Turkiy davlatlar tashkiloti
doirasida amaliy hamkorlik bo‘yicha samarali natijalarga erishmoqdamiz. Yaqinda
iqtisodiy tahlil markazlarimizning Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanida aloqalarimizni
kengaytirish uchun ulkan salohiyat borligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
 

Kun tartibidan kelib chiqib, o‘z takliflarimni
bildirmoqchiman.
 

Xabaringiz bor, o‘tgan yili “Turkiy davlatlar
o‘rtasida strategik sheriklik, abadiy do‘stlik hamda qardoshlik to‘g‘risida”gi bitimni
ishlab chiqish taklifini ilgari surgan edik.
 

Bugungi kunda ushbu hujjatning ahamiyati va
dolzarbligi yanada ortib bormoqda. Hech shubhasiz, mazkur bitim xalqlarimizni yanada
yaqinlashtirish va ko‘p qirrali hamkorligimizning uzoq muddatli huquqiy asosini
mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu hujjatni Boku sammitida imzolashni taklif qilaman.
 

Oldimizda aniq vazifa turibdi – yaqin yillarda
o‘zaro savdo ulushini keskin ko‘paytirish lozim. Shu maqsadda “Turk-treyd” onlayn
platformasini yaratish va Savdoni oshirish amaliy dasturini qabul qilish tashabbuslarini
ilgari suramiz.
 

Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish
hajmini oshirish va bojxona-chegara tartiblarini soddalashtirish uchun “yagona darcha”
hamda “yashil koridorlar” tizimlarini tezroq yo‘lga qo‘yishga chaqiraman. Ushbu
yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida noyabr oyida Toshkentda Turkiy
davlatlarning Xalqaro multimodal transport va logistika forumini o‘tkazishni rejalashtirganmiz.
 

Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Turkiy
investitsiya jamg‘armasining faoliyati sarmoyalar oqimining faollashuviga turtki
berishi shubhasiz.
 

Biz innovatsion loyihalarni rag‘batlantirish
uchun qo‘shma venchur kompaniyasini tashkil etish zarur,
deb hisoblaymiz. Bu borada mamlakatlarimizning
investitsiya imkoniyatlarini to‘liq aks ettirgan “Yagona investitsiya portali”ni
joriy etish maqsadga muvofiqdir.
 

Yana bir masala. Sanoat kooperatsiyasi sohasida
amaliy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish vaqti keldi.
Bu borada kimyo, energetika, tog‘-kon,
yengil sanoat, farmasevtika, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qurilish sohalarida salmoqli
ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha Sanoat kooperatsiyasi dasturini
ishlab chiqishni taklif etaman.
 

Yaqinda Samarqand shahrida o‘tkazilgan Xalqaro
iqlim forumida “yashil” taraqqiyot sohasidagi mintaqaviy va global hamkorlikni mustahkamlash
bo‘yicha muhim takliflar bildirildi.
 

Hurmatli Viktor Orban Janobi Oliylarining tashabbusi
bilan Budapeshtda Tashkilotimizning Qurg‘oqchilikning oldini olish instituti o‘z
ishini boshlaganini ham mamnuniyat bilan e’tirof etamiz. Mazkur institut faoliyatiga
ko‘maklashish va maqsadli loyihalarga kengroq jalb etish uchun “Qurg‘oqchilik va
ekologik muammolarning oldini olish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishni
taklif etaman.
 

Shu o‘rinda yana bir muhim masalaga e’tiboringizni
qaratmoqchiman.
 

Jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa
qo‘shgan, barchamizning faxr-iftixorimiz bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur
o‘rganish va dunyoga tarannum etish biz uchun sharafli va mas’uliyatli vazifadir.
Shu bois ilm-fanni rivojlantirish va yosh avlod uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish
niyatida “Turkiy dunyo xartiyasi”da “Ilmdan o‘zga najot yo‘q” degan yuksak axloqiy
g‘oyani muhrlab qo‘ydik.
 

Ushbu ezgu maqsad yo‘lida Toshkentda Turkiy
davlatlar xalqaro universiteti ochilmoqda. Mazkur o‘quv dargohida turkiy davlatlarning
yetuk professor va olimlari faoliyat olib borishi ko‘zda tutilmoqda. Bu esa yosh
avlodning intellektual salohiyati va dunyoqarashini yuksaltirishga, ularning zamonaviy
bilimlarni egallashiga munosib hissa qo‘shadi, deb ishonaman.
 

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari! 

O‘tgan yili O‘zbekistonning Turkiy madaniyat
va meros jamg‘armasiga rasman a’zo bo‘lib kirish haqidagi qarorini e’lon qilgan
edik. Ushbu tuzilma doirasida umumturkiy madaniy merosimizni asrab-avaylash va uni
kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish oldimizda turgan muhim vazifadir. Bu sohadagi
muloqotni kengaytirish maqsadida Jamg‘arma Kengashining navbatdagi yig‘ilishini
mamlakatimizda o‘tkazishni taklif qilaman.
 

Davlatlarimiz o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni
rivojlantirishda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY alohida o‘ringa ega.
Bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni yangi bosqichga olib chiqish va TURKSOYning
nufuzini yanada oshirish uchun uning faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga
mos ravishda takomillashtirish zarur, deb hisoblayman. Shu maqsadda tashqi ishlar
va madaniyat vazirlarimizga Boku sammitiga qadar tegishli takliflar ishlab chiqish
vazifasini topshirsak, to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.
 

Muhtaram hamkasblar! 

Bundan uch yil oldin turkiy dunyo birligiga
qo‘shgan ulkan hissasi uchun buyuk mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiy nomidagi
xalqaro mukofotni ta’sis etgan edik.
 

Bugun ushbu nufuzli mukofot bilan atoqli turk
olimi, bioximik, Nobel mukofoti sovrindori, janob Aziz Sanjar taqdirlanayotganidan
behad mamnunmiz. Bu mashhur olim O‘zbekiston Milliy universitetining faxriy doktori
ekanidan biz albatta g‘ururlanamiz.
 

Aminmanki, bugungi taqdirlash marosimi turkiy dunyo olimlarini, jumladan,
ilm-fan yo‘liga dadil qadam qo‘yayotgan yoshlarimizni yangi-yangi marralar sari
rag‘batlantiradi.
 

Aziz do‘stlar! 

Bugungi Budapesht sammitida qabul qilingan muhim qaror va hujjatlar
qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi tinchlik, hamjihatlik va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash
yo‘lida yangi sahifa ochishiga ishonaman.
 

E’tiboringiz uchun rahmat.