Mahallalarda aholi uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish, yashil hududlarni asrab-avaylash hamda mahallalar ko‘rinishini yanada yaxshilash doimiy e’tibor talab etadi.
Shu maqsadda Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashi deputati Xusainov Alisher Abduvahobovichning tashabbusi va amaliy ko‘magi asosida “Al-Xorazmiy” hamda “Bekto‘pi” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida aholi uchun qulay muhit yaratish, yashil hududlarni asrab-avaylash va mahallalar ko‘rinishini yanada yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Xususan, mahallalardagi mavjud daraxtlarni asrab-avaylash, ularni turli zararkunanda hasharotlardan himoya qilish hamda hududlarni yanada ko‘rkam ko‘rinishga keltirish maqsadida daraxtlarning tag qismlari oqlandi. Bu orqali yashil hududlarni parvarishlash va ularni asrab-avaylashga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, aholi xonadonlari oldidagi yo‘l-ko‘chalarda mavjud o‘yiqlar, yoriqlar va yemirilgan qismlar tartibga keltirilib, betonlash va tekislash ishlari amalga oshirildi. Ayniqsa, yog‘ingarchilik mavsumida ushbu joylarda suv to‘planishi, piyodalar harakatiga noqulaylik tug‘ilishi, bolalar va keksalar uchun qiyinchiliklar yuzaga kelishining oldi olindi.
Ko‘rkam, obod, tartibli va qulay mahalla — aholi farovonligi, osoyishtaligi va munosib turmush sharoitining muhim mezonidir.