Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashining o‘ttizinchi sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 1 apreldagi PF 51-son farmon ijrosi yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining faoliyati hamda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash holati ko‘rib chiqildi.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yilning 9 oyi davomida Qo‘qon shahar aholisidan Xalq qabulxonalariga jami 4 843 ta murojaat kelib tushgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 257 taga yoki 6 foizga oshgan. Murojaatlarning 4 145 tasi ko‘rib chiqilib, 92,4 foizi qanoatlantirilgan. Murojaatlarning asosiy qismini nafaqa tayinlash, moddiy yordam va pensiya masalalari (24,6 foiz), huquqbuzarlik va firibgarlik holatlari (11,2 foiz), aliment va qarz undirish (10 foiz), shuningdek, uy-joy bilan ta’minlash masalalari (7,1 foiz) tashkil etgan.
Tahlillar davomida shaharning qator yo‘nalishlarida murojaatlar soni kamaygani qayd etilgan bo‘lsa-da, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hamda “Qo‘qon shahar gaz” ta’minoti bo‘limi faoliyatiga oid murojaatlar soni ortgani ta’kidlandi. Hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Muqimiy MFYga (299 ta), G‘ishtli masjid MFYga (253 ta), Davronbek MFYga (208 ta), Rayhon MFYga (166 ta) va Bo‘ston MFYga (155 ta) to‘g‘ri kelgan.
Shuningdek, 2026-yilning 9 oyi davomida Qo‘qon shahridan Toshkent shahridagi respublika tashkilotlariga murojaat qilgan fuqarolar soni bilan bog‘liq ko‘rsatkich ham muhokama qilindi. Hisobot davrida bunday murojaatlar 93 tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 11 taga ko‘paygan. Bunga ayrim mas’ul idoralar va mahallalarda mavjud muammolarni o‘z vaqtida hal etmaslik, shuningdek, o‘z vakolatlari doirasidagi masalalarga mas’uliyatsizlik bilan yondashish holatlari sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Sessiyada takroriy murojaatlar masalasi ham tanqidiy tahlil qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 9 oy davomida jami 791 ta takroriy murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 496 taga yoki 168 foizga ko‘pdir. Bundan tashqari, aholini tashvishga solayotgan ichki yo‘llarni asfaltlash va ta’mirlash masalalari yuzasidan 29 ta murojaat kelib tushgani qayd etildi. Ushbu holatlar fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishda tizimli yondashuvni kuchaytirish va muammolarni joyida hal etish zarurligini ko‘rsatadi.
Muhokamalar yakunida mutasaddi idoralar oldiga fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida, xolis va sifatli ko‘rib chiqish, sayyor qabullarni tizimli tashkil etish, takroriy murojaatlarning kelib chiqish sabablarini bartaraf etish hamda mahalla “yettiligi” imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Xalq deputatlari Qo‘qon shahar Kengashi