#deputat_soʻrovi_javobi #poytaxtdeputatlari #deputatlik_faoliyati
❗️ Katta Qo‘yliq mahallasidagi jamoat tartibi va xavfsizlik masalalari yuzasidan deputatlik so‘roviga rasmiy javob olindi
🏛 Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Sevara Fayziyeva tomonidan Yashnobod tumani “Katta Qo‘yliq” mahallasidagi norasmiy kunlik ishchilar markazi faoliyati, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i R.I. Sultonxodjayev nomiga yuborilgan deputatlik so‘roviga rasmiy javob taqdim etildi.
📩 Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan ma’lum qilinishicha, deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan mas’ul xodimlar ishtirokida xizmat o‘rganishlari olib borilgan hamda hududda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar tashkil etilgan.
🔎 O‘rganishlar davomida deputatlik so‘rovida qayd etilgan ayrim holatlar tekshirilgan. Jumladan, hududda fohishalik bilan bog‘liq holatlar aniqlanmagani, biroq jamoat joylarida spirtli ichimlik iste’mol qilish, jamoat tartibini buzish hamda axloq normalariga zid xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida muntazam reydlar o‘tkazib kelinayotgani qayd etilgan.
⚖️ Rasmiy javobga ko‘ra, o‘tkazilgan reydlar natijasida jamoat tartibini buzgan bir qator fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari asosida ma’muriy hujjatlar rasmiylashtirilgan hamda sud qaroriga asosan ma’muriy qamoq jazolari tayinlangan.
🚔 Shuningdek, hududda jamoat tartibini saqlash, fuqarolarning osoyishtaligini ta’minlash hamda turli huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar doimiy ravishda davom ettirilayotgani, vaziyat profilaktika inspektorlari tomonidan nazoratga olingani va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli ishlar olib borilayotgani bildirilgan.
📝 Shu bilan birga, Ichki ishlar bosh boshqarmasi deputatlik so‘rovida ko‘tarilgan norasmiy kunlik ishchilar bozorini boshqa hududga ko‘chirish, spirtli ichimliklar savdo shoxobchalari faoliyatini cheklash yoki boshqa joyga ko‘chirish, shuningdek avtobus bekatlarini qurish masalalari ichki ishlar organlari vakolatiga kirmasligini ma’lum qilgan.
🤝 Mazkur masala deputat Sevara Fayziyeva tomonidan nazoratda saqlanmoqda hamda hududdagi fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlash yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikdagi ishlar davom ettiriladi.
📱 Telegram 📱 Instagram 📱 Facebook 📱 YouTube 🔎 E-kengash