Xalq deputatlari Guliston shahar Kengashi deputati N.Zafarova “Do‘stlik” mahallasi yettiligi bilan suhbatlashib, fuqarolar bandligi hamda tomorqa yerlaridan foydalanish holatini o‘rgandi
O‘rganish davomida mahalla hududidagi Daraxtzor, Cho‘lpon va Mirishkor ko‘chalarida yashovchi fuqarolar tomonidan bir qator muammolar ko‘tarildi. Xususan, so‘nggi kunlarda kuzatilgan kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida ayrim xonadonlar, tomorqalar hamda issiqxonalarni suv bosayotgani bo‘yicha murojaatlar bildirildi.
Aniqlanishicha, hududda drenaj va suv chiqarish tizimlarining yetarli darajada ishlamasligi, mavjud kollektor hamda ariq-zovurlarni tozalash ishlari o‘z vaqtida amalga oshirilmayotgani sababli yog‘ingarchilik suvlari to‘planib qolmoqda. Natijada fuqarolarning tomorqalaridagi issiqxonalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xo‘jaliklariga moddiy zarar yetish holatlari yuzaga kelmoqda.
Mazkur masalalarni bartaraf etish hamda hududda drenaj va suv chiqarish tizimlarini tartibga keltirish bo‘yicha Guliston shahar obodonlashtirish boshqarmasiga deputat so‘rovi yuborildi.