YOSHLAR TADBIRKORLIGI — YANGI ISH O‘RINLARI VA KASB-HUNAR SARI MUHIM QADAM
Namangan shahrida yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash hamda kasb-hunar o‘rganishi uchun imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati, Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov “Yoshlar kuni” doirasida “Yangi asr” mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkor Vahabjanov Nasimxonning ish faoliyati bilan tanishdi.
Ma’lum qilinishicha, sektor rahbarining tavsiyasi va mahalladagi yoshlar yetakchisining ko‘magida tadbirkorga o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan.
Ushbu moliyaviy ko‘mak natijasida Nasimxon mebelchilik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, 2 nafar fuqaroning bandligini ta’minlagan.
E’tiborlisi, yosh tadbirkor o‘z faoliyati bilan cheklanib qolmay, mahalladagi boshqa yoshlarni ham mebelchilik kasbiga o‘rgatib kelmoqda.
Bu esa yoshlarga kasbiy ko‘nikmalarni egallash, kelgusida mustaqil daromad topish va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratmoqda.
Tashrif davomida tadbirkorning mavjud muammolari, faoliyatini kengaytirish imkoniyatlari, ishlab chiqarish hajmini oshirish va qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha rejalari muhokama qilindi.
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish hamda istiqboldagi rejalarni amalga oshirish maqsadida qo‘shimcha imtiyozli kredit ajratish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Mazkur tashrif mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining
23-yo‘nalishi — aholi bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish vazifalari bilan bevosita bog‘liq.
Yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash nafaqat ularning daromad topishiga, balki mahallalarda kasb-hunar an’analarini rivojlantirish va iqtisodiy faollikni oshirishga ham xizmat qiladi.
Huquqiy asos: O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 20-oktabrdagi O‘RQ-642-son “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi hamda 2012-yil 2-maydagi O‘RQ-328-son “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlari yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid munosabatlarning huquqiy asoslarini belgilaydi.