O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–406-son qarori hamda Oliy Majlis Senati Kengashining KQ–35-V-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, mahalliy Kengash deputati faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya asosida hududlarda deputatlik o‘rganishlari davom ettirilmoqda.
Navbatdagi o‘rganish Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 16-Ipak yo‘li saylov okrugi hududidagi Tog‘liq mahallasida amalga oshirildi. Saylov okrugi deputati, Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi A.Mahkamov hamda deputatga biriktirilgan Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi Z.Yakubova tomonidan mahalla raisi hamrohligida xotin-qizlar bilan ishlash tizimi, ularning ijtimoiy holati va mavjud ehtiyojlari o‘rganildi.
O‘rganish davomida deputatga biriktirilgan tashkilot, Shahar hokimligi – Oila va xotin-qizlar bo‘limi yoʻnalishida “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini aniqlash va amaliy yordam ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham ko‘rib chiqildi.
Jumladan, “Ayollar daftari”da turuvchi Babadjanova Sanobarxonga ko‘rsatilgan amaliy ko‘makka alohida e’tibor qaratildi. Fuqaroning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammosini hal etish maqsadida homiylik mablag‘lari hisobidan ko‘z operatsiyasi uchun 36 million so‘m mablag‘ ajratilgani aniqlandi. Shuningdek, uning daromad manbasini yaratish va bandligini ta’minlash maqsadida subsidiya asosida tikuv mashinasi berilgani qayd etildi.
Mazkur yordamlar xotin-qizlarni nafaqat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, balki ularning sog‘lig‘ini tiklash, mehnat qilish va mustaqil daromad topish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.