ZULFIYAXONIM IZDOSHLARI SARALASH BOSQICHIDA BELLASHMOQDA
Namangan shahrida “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotining shahar bosqichi doirasidagi saralash jarayonlari o‘tkazilmoqda.
Namangan davlat pedagogika institutida bo‘lib o‘tayotgan ko‘rik-tanlovning ochilish marosimida Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati, Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyat tiladi. Shuningdek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti iqtidorli, bilimga chanqoq, tashabbuskor va yuksak maqsadlar sari intilayotgan qizlarni rag‘batlantirish, ularning iste’dodini namoyon etish hamda yangi marralar sari ruhlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda davom etayotgan saralash bosqichida 25 nafardan ortiq ishtirokchi 9 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilim, iste’dod va mahoratlarini namoyish etmoqda. Tanlov jarayonida ishtirokchilarning ilm-fan, ta’lim, adabiyot, san’at va boshqa sohalardagi yutuqlari hamda salohiyatiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Saralash yakunlariga ko‘ra, har bir yo‘nalish bo‘yicha munosib deb topilgan jami 9 nafar ishtirokchi viloyat bosqichida Namangan shahri sharafini himoya qilish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Mazkur tanlov iqtidorli qizlarni kashf etish, ularning yutuqlarini keng jamoatchilikka tanitish va yosh avlod salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Huquqiy asos: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-martdagi PF-87-son Farmoni bilan tasdiqlangan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning faolligini oshirishga oid chora-tadbirlar, shuningdek, “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofotini berish tartibiga oid amaldagi hujjatlar.