Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashi deputati Tuganbekov Oybek Baxrombekovich “Kichik Xirmontepa” mahallasi raisi va mahalla faollari bilan hamkorlikda 400-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida o‘rganish olib bordi.
O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 16-dekabrdagi O‘RQ-595-sonli “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosi doirasida tashkilot faoliyati, bolalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda ta’lim-tarbiya jarayonining tashkil etilishi bilan yaqindan tanishildi.
Jumladan, tarbiyalanuvchilarning mazmunli vaqt o‘tkazishi, ularning intellektual, jismoniy va ma’naviy jihatdan har tomonlama rivojlanishi, shuningdek, sifatli maktabgacha ta’lim va tarbiya olishi uchun yaratilgan imkoniyatlarga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, bolalarda tabiatga mehr-muhabbatni shakllantirish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatni tarbiyalash hamda ularning sog‘lom va xavfsiz muhitda kamol topishini ta’minlash masalalari ham ko‘zdan kechirildi.
Bunday deputatlik o‘rganishlari maktabgacha ta’lim tizimi faoliyati ustidan jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish, mahalla hamda ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, eng muhimi, bolalarning har tomonlama barkamol voyaga yetishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlashga xizmat qiladi.