O‘rganishda Kengash kotibiyati mudiri A.Ermatov, kotibiyat bosh mutaxassisi Z.Yakubova, Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi X.Abdurahmonov hamda Ijtimoiy soha, yoshlar siyosati, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha doimiy komissiya a’zosi S.Azizov ishtirok etdilar.
Mas’ullar bo‘lim va uning tasarrufidagi muassasalar faoliyati bilan tanishib, tegishli hujjatlarni o‘rgandilar. Xususan, tasdiqlangan ish rejalari va hisobotlarning yuritilishi, kadrlar tarkibi, belgilangan vazifalarning bajarilishi hamda aholiga madaniy xizmat ko‘rsatish sifati yuzasidan e’tibor qaratildi.
Shuningdek, bo‘limda xodimlar va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, binoning foydalanish imkoniyatlari hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun mo‘ljallangan yo‘laklar holati ham ko‘zdan kechirildi. Bunda muassasada hamma uchun qulay va to‘siqlarsiz muhitni shakllantirish, alohida ehtiyojga ega fuqarolarning madaniy xizmatlardan teng foydalanish imkoniyatlarini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
O‘rganish davomida budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish hamda muassasa faoliyatini belgilangan talablar asosida tashkil etish masalalari ham qamrab olindi.
Bo‘lim rahbari A.Yuldashevning ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda shahar Madaniyat bo‘limida 46 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Ular zimmasiga aholining madaniy ehtiyojlarini qondirish, milliy qadriyat va an’analarni asrab-avaylash, madaniy tadbirlarni tashkil etish hamda hududda madaniy hayotni rivojlantirish kabi muhim vazifalar yuklatilgan.
Deputatlik nazorati doirasidagi mazkur o‘rganish madaniyat muassasalari faoliyatini takomillashtirish, mavjud sharoitlarni baholash va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.