35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

янв.21
Maktabgacha ta’lim sifati va bolalar uchun yaratilgan sharoitlar deputat e’tiborida
янв.21
Mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari kesimidagi eng muhim qonunlar
янв.21
Yashnobod tumanida jamoat transporti bekatini tiklash masalasi deputatlik so‘rovi orqali ko‘tarildi
янв.21
Otabek Jiyanboyev 2026-yilning ikkinchi choragi bo‘yicha axborot berdi
янв.21
“Muqimiy” mahallasida yo‘l harakati xavfsizligi masalalari deputatlik nazoratida
янв.21
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining haftalik ish rejasi e’lon qilind
янв.21
Yunusoboddagi mahalla kutubxonasi faoliyatini rivojlantirish masalasi deputatlik so‘rovi orqali ko‘tarildi
янв.21
Olmazor tumanida manzillar bilan bog‘liq muammo joyida o‘rganildi
янв.21
Mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari kesimidagi eng muhim qonunlar
янв.21
Aziz Ibragimov 2026-yilning ikkinchi choragi bo‘yicha saylovchilarga axborot berdi
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Prezidentning farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi hujjatlari ijrosi yuzasidan hisoboti

Buxoro viloyatida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar doirasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Prezidentning farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasi hujjatlari ijrosi yuzasidan viloyat hokimi Botir Zaripovning hisoboti

Qadrli vatandoshlar!

 Soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarliklarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli iqtisodiy islohotlar hududlarning ichki imkoniyatlarini toʻliq ishga solish, aholi farovonligini oshirish va iqtisodiyotning mutlaqo yangi oʻsish nuqtalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

 Bu jarayonlarda Buxoro viloyati ham iqtisodiy salohiyati, investitsiyaviy jozibadorligi va tadbirkorlik muhitini yaxshilash boʻyicha izchil natijalarga erishmoqda. Eng muhimi, amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiy koʻrsatkichlarni oshirish bilan cheklanmay, har bir mahalla, har bir tadbirkor va har bir oilaning daromadlarini koʻpaytirishga xizmat qilmoqda.

 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bu fikrning amaliy tasdigʻi boʻldi. Hisobot davomida iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida barqaror oʻsish surʼatlari saqlandi, investitsiya faolligi sezilarli darajada oshdi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi, xizmatlar sohasi kengaydi, eksport geografiyasi yanada diversifikatsiya qilindi hamda aholi bandligini taʼminlash borasida muhim natijalarga erishildi.

Yarim yillik yakunlariga koʻra, viloyat yalpi hududiy mahsuloti 44,7 trillion soʻmga yetkazilib, iqtisodiy oʻsish surʼati 108,8 foizni tashkil etdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 26,3 trillion soʻmga (108,2%), xizmatlar 25,5 trillion soʻmga (116,2%), qishloq xoʻjaligi 21,6 trillion soʻmga (104,3%), qurilish ishlari esa 10,9 trillion soʻmga (116,2%) yetdi. 
Biroq bugungi Buxoroning eng muhim yutugʻi faqat iqtisodiy oʻsish raqamlarida emas. Eng ahamiyatlisi – iqtisodiyotning ichki sifati oʻzgarmoqda. Endi hudud taraqqiyoti davlat mablagʻlari hisobidan emas, balki xususiy investitsiyalar, eksportbop ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalar va mahallalarning ichki imkoniyatlarini ishga solish hisobiga taʼminlanmoqda. 
Soʻnggi yillarda Buxoro viloyatida iqtisodiy taraqqiyotga yondashuv tubdan oʻzgardi. Ilgari infratuzilma qurishning oʻzi maqsad boʻlgan boʻlsa, bugun u xususiy kapitalni jalb qilish va yangi biznes muhitini shakllantirishning eng muhim vositasiga aylandi.

Buning yorqin namunasi sifatida viloyatda iqtisodiyotga kuchli turtki berayotgan 46 ta drayver loyiha amalga oshirildi. Ularni zarur muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlash uchun respublika budjetidan 97,6 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. 

Yaratilgan infratuzilma qisqa vaqt ichida xususiy sektor faolligini keskin oshirdi. Natijada viloyatda 17 ta tunu-kun ishlaydigan (24/7) xizmat koʻrsatish koʻchasi, 11 ta sohil boʻyi dam olish hududi, 4 ta yoʻl boʻyi servis majmuasi, 4 ta zamonaviy turizm va istirohat maskani hamda boshqa yangi iqtisodiy obyektlar tashkil etildi. 
Eng muhimi, mazkur hududlarda 727 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil qilinib, 6 ming nafar aholi doimiy ish bilan taʼminlandi.

Buxoro shahridagi Olim Xoʻjayev mahallasida barpo etilgan 24/7 xizmat koʻrsatish koʻchasi bu boradagi loyihalardan biri boʻldi. Qisqa muddat ichida ushbu hududda 58 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etildi, 32 ta mavjud biznes faoliyati kengaytirildi va 100 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratildi. 
Buxoro viloyatida xizmatlar sohasini rivojlantirishda mutlaqo yangi yondashuv joriy etildi. Endi avtomobil yoʻllari, suv havzalari va shahar hududlari faqat transport yoki dam olish maskani sifatida emas, balki tadbirkorlik, investitsiya va aholi bandligini taʼminlaydigan iqtisodiy nuqtalar sifatida rivojlantirilmoqda.
Xususan, xalqaro ahamiyatga ega A-380 va M-37 avtomobil yoʻllarining viloyat hududidan 486 kilometr qismi oʻtishi yoʻl boʻyi xizmatlarini kengaytirish uchun katta imkoniyat yaratdi. Ana shu imkoniyatdan samarali foydalanish maqsadida 203 ta lot boʻyicha 69,4 gektar yer maydoni elektron auksionga chiqarildi. 
Natijada 45,3 gektar yer maydoni 133 nafar tashabbuskor tadbirkorga realizatsiya qilindi. 
Bu raqamlar ortida muhim iqtisodiy oʻzgarish mujassam. 
Ilgari foydalanilmay turgan yerlar bugun investitsiya jalb qilayotgan, xizmat koʻrsatish obyektlari qad rostlayotgan va yangi ish oʻrinlari yaratilayotgan iqtisodiy hududlarga aylanmoqda.
Buning yorqin isbotini Gʻijduvon tumanida koʻrish mumkin. 
M-37 xalqaro avtomobil yoʻli boʻyida 13,3 gektar yer maydoni auksionga chiqarilib, 40 milliard soʻmga sotildi. 
Infratuzilma yaratilgunga qadar bir sotix yerning bozor qiymati 4–5 million soʻm atrofida boʻlgan boʻlsa, muhandislik tarmoqlari tortilgandan keyin bu koʻrsatkich 30 million soʻmgacha oshdi. 
Mazkur hududda joriy yilning oʻzida 70 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, 90 nafar aholi doimiy ish bilan taʼminlanadi. Shuningdek, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari hisobidan qariyb 100 ta yangi biznes subyekti, 650 milliard soʻmlik investitsiya, 1 550 ta yangi ish oʻrni, 500 milliard soʻmlik qoʻshimcha mahsulot hamda 25 milliard soʻmlik byudjet tushumi shakllantiriladi. 
Viloyatda suv havzalari atrofini iqtisodiy faol hududlarga aylantirish boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tabiiy landshaftdan oqilona foydalanish asosida aholi dam oladigan, turistlar tashrif buyuradigan va tadbirkorlar faoliyat yuritadigan zamonaviy maskanlar barpo etilmoqda.
Hozirgi kunda viloyatda 11 ta sohilboʻyi loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu doirada 1,78 gektar yer maydoni elektron auksionga, 0,30 gektar yer maydoni esa K-Savdo platformasi orqali tadbirkorlarga taklif etildi. Natijada 50 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil qilinib, 124 ta yangi ish oʻrni yaratildi. 
Yil yakuniga qadar ushbu loyihalar hisobidan yana 150 ta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil qilinib, 324 nafar fuqaro doimiy ish bilan taʼminlanadi. 
Olot tumanidagi "Xalifa" mahallasi hududidan oʻtuvchi Amu–Qorakoʻl kanali sohili bugun mutlaqo yangi qiyofa kasb etmoqda. Ilgari boʻsh va foydalanilmay turgan hududda savdo, xizmat koʻrsatish va koʻngilochar obyektlar tashkil etilib, 17 ta yangi tadbirkorlik subyekti hamda 52 ta yangi ish oʻrni yaratildi. 
Jondor tumanidagi Zarafshon daryosi sohilida esa qiymati 50 milliard soʻm boʻlgan zamonaviy xizmat koʻrsatish markazi qurilmoqda. Loyiha toʻliq amalga oshirilgach, 60 ta yangi biznes subyekti tashkil qilinib, 150 nafardan ziyod aholi doimiy ish bilan taʼminlanadi. 
Joriy yilda mazkur maqsadlar uchun davlat byudjetidan 213 milliard soʻm ajratilib, barcha loyihalarning muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini toʻliq yakunlash ishlari olib borilmoqda. 
Yil oxiriga qadar:

• 47 ta tunu-kun ishlaydigan xizmat koʻrsatish koʻchasi; 

• 6 ta sohil boʻyi majmuasi; 

• 16 ta yoʻl boʻyi servis hududi tashkil etiladi; 

• 13,4 gektar yer maydoni tadbirkorlik uchun auksionga chiqariladi; 

• 913 ta yangi savdo va servis obyekti ishga tushiriladi; 

• ularda 5 257 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. 
2026-yilning birinchi yarim yilligida bu borada muhim natijalarga erishildi. Hisobot davomida iqtisodiyotga 1 milliard 937 million AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar va kreditlar oʻzlashtirildi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 1,6 barobar koʻp. Investitsiyalarning katta qismi sanoat, energetika, qurilish materiallari, kimyo, turizm va xizmat koʻrsatish sohalariga yoʻnaltirildi. 
Bu mablagʻlar hisobidan 175 ta yangi investitsiya loyihasi ishga tushirilib, minglab yangi ish oʻrinlari yaratildi. Eng muhimi, mazkur loyihalar import oʻrnini bosuvchi va eksportga yoʻnaltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishga xizmat qilmoqda. 
Joriy yilda Buxoro viloyati xalqaro iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratdi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ochiq iqtisodiy siyosat natijasida Buxoro xorijiy investorlar uchun eng jozibador hududlardan biriga aylanib bormoqda.
Xususan, Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilgan tashrif doirasida umumiy qiymati 2,3 milliard AQSH dollariga teng investitsiya kelishuvlari imzolandi. 
Ushbu kelishuvlar kimyo sanoati, chiqindilarni qayta ishlash, qurilish materiallari, elektrotexnika, logistika va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish sohalarini qamrab oldi. 
Kogon tumanida 695 million dollarlik yirik sanoat loyihalari boʻyicha kelishuvlarga erishildi. Jumladan, 165 million dollarlik chiqindilarni qayta ishlash va elektr energiyasi ishlab chiqarish majmuasi qurilishi boshlandi. 
Bugun Buxoroda importni qisqartirish va mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish iqtisodiy siyosatning muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Birinchi yarim yillikda 182 ta mahalliylashtirish loyihasi doirasida 2 trillion 265 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarildi va 187 million dollarlik import oʻrni bosildi. 
Yil yakuniga qadar ushbu koʻrsatkichlarni yanada oshirish maqsadida 194 ta loyihani amalga oshirish, 4 trillion 136 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish, 324 million dollarlik import oʻrnini bosish hamda 1000 ta yangi ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan. 
Buxoro asrlar davomida Buyuk ipak yoʻlining eng muhim shaharlaridan biri sifatida Sharq va Gʻarbni bogʻlab kelgan. Bugun esa bu tarixiy meros zamonaviy turizm industriyasi bilan uygʻunlashib, viloyat iqtisodiyotining eng yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlayotgan tarmoqlardan biriga aylanmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan turizmni iqtisodiyotning strategik yoʻnalishi sifatida rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarorlar Buxoroda yangi bosqichni boshlab berdi. Endi asosiy maqsad sayyohlar sonini koʻpaytirish emas, balki ularning viloyatda qolish muddati, xizmatlar sifati va turizm eksportini oshirishdan iboratdir.
2026-yilning birinchi yarmida viloyatga 1 million 577 ming nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Shuningdek, 3 million 237 ming nafar mahalliy turist Buxoroning tarixiy obidalari, ziyoratgohlari va madaniy maskanlariga sayohat qildi. 
Turizm sohasidagi eksport hajmi 450 million AQSH dollarini tashkil qildi. 
Soʻnggi yillarda Buxoroda turizm infratuzilmasi tubdan yangilandi. Hisobot davrida 42 ta yangi oilaviy mehmon uyi ishga tushirilib, ularning umumiy soni 730 taga, joylashtirish quvvati esa 18 950 oʻringa yetkazildi. Bu sayyohlarga yanada qulay va milliy anʼanalarga uygʻun xizmat koʻrsatish imkonini yaratdi. 
Yil yakuniga qadar mehmon uylari sonini 761 taga, joylashtirish quvvatini esa 19,5 ming oʻringa yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa sayyohlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirish va turizmdan olinadigan daromadlarni koʻpaytirishga xizmat qiladi. 

Jahon tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, kelajak iqtisodiyoti bilim va texnologiyalarga tayanadi. Buxoro viloyatida ham raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Viloyatda 74 ta IT Park ryezidenti faoliyat yuritmoqda. Ularda 703 nafar yuqori malakali mutaxassis mehnat qilmoqda. Eng muhimi, mazkur kompaniyalarning 16 tasi eksportchi korxona hisoblanadi. Bu Buxoroda yaratilayotgan intellektual mahsulotlar nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro bozorda ham raqobatlashayotganini anglatadi. 
Birinchi yarim yillikda IT xizmatlari eksporti 5,2 million AQSH dollariga yetdi. Koʻrsatilgan raqamli xizmatlar hajmi esa 

70 milliard soʻmni tashkil qildi. Bu raqamlar axborot texnologiyalari sohasi viloyat iqtisodiyotining yangi drayveriga aylanayotganini koʻrsatadi. 
Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan sanoat va investitsiya siyosati eksport hajmining izchil oʻsishiga xizmat qilmoqda. Endi eksport tarkibida tayyor mahsulotlar, qayta ishlangan sanoat mahsulotlari va xizmatlar ulushi tobora ortib bormoqda.
2026-yilning birinchi yarmida viloyatning umumiy eksport hajmi 652 million AQSH dollarini tashkil qildi. Mahsulotlar va xizmatlar 40 dan ortiq mamlakat bozorlariga yetkazib berildi. Yevropa, Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik kengaydi. 
Yil yakuniga qadar eksport hajmini 1,5 milliard AQSH dollariga yetkazish vazifasi belgilangan. Bu maqsadga erishish uchun yangi eksportchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, tashqi bozorlarga chiqish logistikasini takomillashtirish va mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlashtirish ishlari davom ettiriladi.
Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning bosh mezoni faqat yalpi koʻrsatkichlarni oshirish emas, balki har bir oilaning daromadi, har bir mahallaning iqtisodiy faolligi va aholi turmush sifatini yuksaltirishdan iborat.
Shu bois yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan har bir investitsiya loyihasi, har bir sanoat korxonasi, har bir xizmat koʻrsatish obyekti eng avvalo yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirishga yoʻnaltirildi.
Prezidentimiz tomonidan joriy etilgan "mahallabay" ishlash tizimi bugun oʻzining amaliy samarasini bermoqda. Endi har bir mahallaning iqtisodiy ixtisoslashuvi, aholining kasb-kori, ichki imkoniyatlari va tadbirkorlik tashabbuslari asosida manzilli ishlar tashkil etilmoqda. Bu esa iqtisodiy oʻsishning natijasini har bir xonadon his etishiga xizmat qilmoqda.
Soʻnggi yillarda bank tizimida ham mutlaqo yangi yondashuv shakllandi. Ilgari kredit ajratish jarayonning yakuni hisoblangan boʻlsa, bugun kreditning samarali ishlatilishi, yangi ish oʻrinlari yaratishi va daromad keltirishi asosiy baholash mezoniga aylandi.

2026-yilning birinchi yarim yilligida iqtisodiyotning real sektoriga 7,8 trillion soʻm kredit mablagʻlari yoʻnaltirildi. Shundan 4,2 trillion soʻmi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, 1,4 trillion soʻmi imtiyozli kreditlar sifatida aholi va tadbirkorlarga ajratildi. 
Eng muhimi, ushbu moliyaviy qoʻllab-quvvatlash natijasida 62,1 ming nafar fuqaroning doimiy daromad manbai yaratildi yoki kengaytirildi. 
Kichik biznes subyektlarining aylanma mablagʻlarini toʻldirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va xizmat koʻrsatish sohasini rivojlantirish boʻyicha banklar tomonidan manzilli ishlar davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati agrar sohada ham salmoqli natijalarga erishdi. Joriy yilda viloyat tarixida ilk bor qariyb 216 ming tonna don davlatga sotildi.
Shu bilan birga, 384 ming tonnadan ortiq don fermer va dehqonlarning ixtiyorida qoldirildi.
Erishilgan ushbu natijalar hisobiga fermer xoʻjaliklari tomonidan 2 trillion 120 milliard soʻm yalpi tushum shakllantirilib, 730 milliard soʻm sof foyda olindi. Bu bir tomondan, aholining oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qilgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, qishloq aholisi daromadlari va fermerlarning iqtisodiy barqarorligini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi.
Ayni paytda pillachilik, bogʻdorchilik, sabzavotchilik hamda chorvachilik tarmoqlarida intensiv texnologiyalar, suv tejovchi yechimlar va yuqori hosildor navlarni joriy etish hisobiga mahsulot yetishtirish hajmi, hosildorlik va qayta ishlash koʻrsatkichlari izchil oʻsib bormoqda. Qishloq xoʻjaligida xomashyoni chuqur qayta ishlash, qoʻshilgan qiymat zanjirini shakllantirish va tashqi bozorlarda raqobatbardosh eksportbop mahsulotlar ulushini kengaytirish ustuvor vazifa sifatida amalga oshirilmoqda. Bu esa agrar sohani zamonaviy sanoat bilan integratsiya qilish, yangi ish oʻrinlari yaratish va viloyat eksport salohiyatini yanada yuksaltirishga mustahkam zamin yaratmoqda.
Iqtisodiy taraqqiyotning haqiqiy bahosi qurilgan korxonalar yoki jalb qilingan investitsiyalar bilan emas, balki inson hayotidagi ijobiy oʻzgarishlar bilan oʻlchanadi. Shu maʼnoda, 2026-yilning birinchi yarim yilligida Buxoro viloyatida taʼlim, sogʻliqni saqlash, kommunal infratuzilma va transport sohalarida amalga oshirilgan ishlar aholi turmush sifatini oshirishga xizmat qildi.
Taʼlim tizimida 151 ta umumtaʼlim maktabi va 85 ta maktabgacha taʼlim tashkilotida qurilish, rekonstruksiya va mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida 24 542 ta yangi oʻquv oʻrni yaratildi, 6 760 ta mavjud oʻrin zamonaviy talablar asosida taʼmirlandi. Mazkur ishlarga 1,4 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. 
Sogʻliqni saqlash tizimida tibbiy xizmatlar qamrovini kengaytirish, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlash va aholiga sifatli xizmat koʻrsatish boʻyicha izchil ishlar davom ettirildi.
Aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash Buxoro viloyati uchun eng ustuvor vazifalardan biri boʻlib qolmoqda.
Osiyo infratuzilma investitsiya banki ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar doirasida 2 ta ichimlik suvi inshooti, 5 ta oqova suv tozalash inshooti, 2 188 kilometr ichimlik suvi tarmogʻi hamda 721 kilometr oqova suv tarmogʻi qurilishi rejalashtirilgan. Loyihalar toʻliq amalga oshirilgach, 1,8 million nafar aholi markazlashgan ichimlik suvi bilan, 507 ming nafar aholi esa oqova suv xizmatlari bilan qamrab olinadi. Natijada ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 83 foizga, kanalizatsiya qamrovi esa 22,7 foizga yetadi. 
Jamoat transportini modernizatsiya qilish boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Birinchi yarim yillikda 101 ta zamonaviy avtobus xarid qilinib, jami 107 ta avtobus yangi yoʻnalishlarda harakatlana boshladi. 208 ta yangi avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyildi va 5,5 million nafar yoʻlovchiga xizmat koʻrsatildi. Buning natijasida aholining jamoat transporti bilan qamrov darajasi 23 foizdan 39 foizga oshdi. Shuningdek, 120 ta bekatda elektron toʻlov tizimi joriy qilinib, jamoat transportida naqd pulsiz hisob-kitob tizimi toʻliq ishga tushirildi. 
Hududlarda aholining uy-joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida koʻp qavatli uy-joylar qurilishi jadal davom ettirilmoqda.

2026-yilda 7 500 ta zamonaviy kvartira qurish, shundan 7 000 tasini foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Yangi turar-joy massivlari muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy obyektlar va yashil hududlar bilan birgalikda barpo etilmoqda. 

Birinchi yarim yillikda erishilgan natijalar muhim poydevor yaratdi. Endi asosiy vazifa – ushbu oʻsish surʼatlarini saqlab qolish va yil yakuniga qadar belgilangan barcha prognoz koʻrsatkichlarini toʻliq taʼminlashdir.
Buning uchun:

• yalpi hududiy mahsulot hajmini 103 trillion soʻmga, iqtisodiy oʻsish surʼatini 110,1 foizga yetkazish; 

• sanoat ishlab chiqarishini 63,6 trillion soʻmga, xizmatlar hajmini 55,7 trillion soʻmga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini 55,3 trillion soʻmga, qurilish ishlarini 23,9 trillion soʻmga yetkazish; 

• eksportni 1,5 milliard AQSH dollariga olib chiqish; 

• investitsiya dasturida belgilangan barcha loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish; 

• 913 ta yangi xizmat koʻrsatish va savdo obyektlarini foydalanishga topshirish; 

• 5 257 ta yangi ish oʻrni yaratish; 

• mahalliylashtirish va import oʻrnini bosish boʻyicha barcha rejalarni toʻliq bajarish; 

• har bir mahallada barqaror daromad manbalarini kengaytirish asosiy vazifa etib belgilangan. 

 Qayd etilayotgan har bir koʻrsatkich, har bir yutuq mamlakatimiz rahbarining oqilona islohotlari natijasidir.

Shu bois Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari, Hukumat hujjatlari hamda majlis bayonlarida belgilangan topshiriqlarning oʻz vaqtida ijrosini taʼminlash va ularni sifatli bajarish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish faoliyatimizning eng ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.
Hokimlik apparatida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi boʻyicha maʼlumotlarni ijro muddati yakunlanishini kutmasdan, oldindan elektron tizimga kiritib borish amaliyotiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2026-yilning yanvar-iyun oylari davomida viloyat hokimligi apparatida ijro intizomi holati 55 marotaba tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.
Hisobot davrida “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali viloyatga daxldor jami 2 446 ta topshiriq kelib tushgan boʻlib, shundan 1 360 tasida viloyat hokimligi asosiy ijrochi, 1 086 tasida hamijrochi sifatida belgilangan.

Shuningdek, ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimining Prezident Administratsiyasi moduli orqali viloyat hokimligiga daxldor 238 ta va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari moduli orqali esa 552 ta topshiriq kelib tushgan boʻlib, ularning barchasining ijrosi taʼminlandi.
Joriy yilning iyul oyi topshiriqlarining oʻz vaqtida va sifatli taʼminlash maqsadida kunbay kalendar rejasi ishlab chiqildi. Shu bilan birga har bir hokim oʻrinbosari kesimida “yoʻl xarita”lari shakllantirilib, tasdiqlandi hamda amaliy ijroga yoʻnaltirildi.

 Qadrli buxoroliklar!

 2026-yilning birinchi yarim yilligi yakunlari Buxoro viloyati taraqqiyotida navbatdagi muhim bosqich boʻldi. Erishilgan natijalar iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida barqaror oʻsish taʼminlanayotganini, investitsiya muhiti tobora yaxshilanayotganini, sanoat va xizmatlar sohasi jadal rivojlanayotganini hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan islohotlar amaliy samara berayotganini koʻrsatdi.
Eng muhimi, Buxoroda iqtisodiy oʻsishning yangi modeli shakllandi. Bu model davlat tomonidan zamonaviy infratuzilma yaratish, xususiy sektorning investitsiya faolligini qoʻllab-quvvatlash, raqobatbardosh ishlab chiqarishlarni kengaytirish, eksportni oshirish va har bir mahallaning iqtisodiy salohiyatini toʻliq ishga solishga asoslanmoqda.
Bugun Buxoro nafaqat boy tarixi va madaniy merosi bilan, balki zamonaviy sanoati, raqamli iqtisodiyoti, yuqori investitsiyaviy jozibadorligi va tadbirkorlik muhiti bilan ham mamlakat taraqqiyotining faol ishtirokchisiga aylanmoqda.
Yilning ikkinchi yarmida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalarning toʻliq ijrosi Buxoro viloyatining "Buxoro–2030" strategiyasida belgilangan maqsadlarga erishishini tezlashtiradi. Natijada hudud iqtisodiyoti yanada raqobatbardosh boʻladi, aholi farovonligi yanada yuksaladi va Buxoro mamlakatning eng jadal rivojlanayotgan hududlaridan biri sifatida oʻz mavqeini yanada mustahkamlaydi.