📝 Bugungi kunda yangi O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan o‘tkazgan navbatdagi tarixiy muloqoti oddiy suhbat doirasidan chiqib, mamlakatning yaqin istiqboldagi texnologik va eksport qiyofasini belgilab beruvchi strategik dasturga aylandi. Muloqotning aynan Xorazm zaminida o‘tkazilishi zamirida ham chuqur ramziy ma’no va katta iqtisodiy hisob-kitoblar yotibdi. So‘nggi yillarda vohada tadbirkorlikka berilgan keng imkoniyatlar tufayli hudud tubdan chiroy ochdi.
📉 Davlatimiz rahbari o‘z nutqida so‘nggi besh yil davomida sohani rivojlantirish yo‘lida misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirilganini alohida ta’kidladi. Ushbu davrda biznesga to‘siq bo‘lgan minglab muammolarni bartaraf etish maqsadida 84 ta qonun hamda 861 ta farmon va qarorlar qabul qilindi.
📝 Erishilgan raqamlar islohotlarning yaqqol isbotidir. Korxonalarning asosiy kapitalga kiritgan investitsiyalari 3 barobarga ortib, 363 trillion so‘mga yetdi. Sanoati 100 million dollardan oshgan tumanlar soni 66 tadan 116 taga ko‘paydi. O‘tgan davrda biznes uchun ajratilgan kredit portfeli qariyb 3 karra oshib, 450 trillion so‘mga yetdi. Tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalandi. Ko‘plab biznes vakillari xorijiy banklardan o‘z loyihalariga mustaqil ravishda 1 milliard dollar jalb qildi. Davlatimiz rahbari buni tadbirkorlarimiz zabt etgan yana bir ulkan marra sifatida baholadi.
📉 Jahondagi vaziyat qanchalik murakkab bo‘lmasin, o‘tgan yarim yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. “Fitch” va “Moody’s” agentliklari mamlakatimiz suveren kredit reytingini bir pog‘ona yaxshiladi. Jahon bankining investitsiya va ishbilarmonlik muhiti bo‘yicha hisobotida O‘zbekiston 31-o‘rinni egalladi. Davlatimiz rahbari bu natijalar, avvalo, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ekanini ta’kidladi.