Ta’lim sohasiga ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi o‘rganildi
📁 Tashrif davomida xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashining 2025-yil 25-dekabrdagi III-21-125-14-202-K/25-sonli qarori asosida tumandagi 44-sonli umumta’lim maktabida ta’lim sifati va o‘quv jarayonini zamonaviy talablar asosida tashkil etish maqsadida 6 ta o‘quv xonasini jihozlash uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishi yuzasidan ham monitoring o‘tkazildi.
🎓 O‘rganish jarayonida maktabda tashkil etilgan axborot texnologiyalari (IT), qandolatchilik va tibbiyot yo‘nalishlariga ixtisoslashtirilgan o‘quv xonalari, shuningdek, kimyo-biologiya hamda fizika laboratoriyalarining moddiy-texnik bazasi, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi va ulardan foydalanish samaradorligi atroflicha ko‘rib chiqildi.
🗣 Ta’kidlanganidek, yoshlarni zamonaviy kasb-hunar va innovatsion texnologiyalar asosida o‘qitish, ularning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish hamda mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar sifatida voyaga yetkazish bugungi ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
💬 Monitoring yakunida senator tomonidan xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi deputatlari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida hududda mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolar, aholini qiynayotgan masalalar, ularning yechimlari yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar hamda istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi. Deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar tinglanib, ularni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
🗂 Uchrashuv davomida senator tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 16-yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalar, qabul qilingan qonunlar va qarorlarning mazmun-mohiyati, ularning mamlakat taraqqiyoti, fuqarolar manfaatlarini himoya qilish hamda jamiyat hayotidagi dolzarb masalalarni hal etishdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
📇 Shuningdek, qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini aholiga keng targ‘ib qilish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda qonunchilikdagi yangiliklarni jamoatchilikka o‘z vaqtida yetkazish borasidagi ishlarni yanada faollashtirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
🧠 Yakunda davlat va jamiyat boshqaruvida vakillik organlarining o‘rni va mas’uliyatini kuchaytirish, xalq bilan muloqotni yanada mustahkamlash hamda hududlarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash bugungi islohotlarning muhim tarkibiy qismi ekani qayd etildi.