Farhod mahallasida amalga oshirilayotgan islohotlar va mahalla tizimi faoliyati o‘rganildi
🇺🇿 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF–5938-son Farmoni hamda PQ–4602-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mahalla institutining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada mustahkamlash, aholi muammolarini manzilli hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatidan senator Marufova Gulnora Maxmudovnaning Farhod mahallasiga tashrif amalga oshirildi.
📇 Tashrif dastlab zamonaviy talablarga mos ravishda bunyod etilgan Farhod mahallasi binosi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Mahalla binosida fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish, murojaatlarni tezkor ko‘rib chiqish hamda Mahalla yettiligi faoliyatini samarali tashkil etish uchun yaratilgan shart-sharoitlar atroflicha o‘rganildi.
📊 Mahalla yettiligi faoliyati tahlil qilindi
Senator tuman Kengashi raisi J.Ismanov, tuman Kengashi kotibiyati mudiri A.Usmanov, tuman deputatlari J.Karimov, A.Xudayberganov, S.Malikova, Z.Xaydarova hamda Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi U.Abilovlar bilan birgalikda mahalla yettiligi tomonidan olib borilayotgan ishlar, aholi bilan ishlash tizimi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi faoliyat yuzasidan batafsil ma’lumot oldi.
💬 Tashrif davomida mahalla yettiligi a’zolari bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning kundalik faoliyatida uchrayotgan muammolar, mavjud imkoniyatlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan savol-javob o‘tkazildi. Bildirilgan taklif va mulohazalar mahalla tizimi samaradorligini yanada oshirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
↗️ Muloqot jarayonida mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi davlat siyosatining mazmun-mohiyati keng tushuntirildi. Mahalla tizimida natijadorlikni oshirish hamda aholi murojaatlari bilan ishlash sifatini yaxshilash bo‘yicha tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
🕯 Tashrif davomida senator va deputatlarga tuman hokimining o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i M.Aripova hamrohlik qildi. Uchrashuvda mahalla, sektorlar, davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, hududlarni kompleks rivojlantirish hamda aholi farovonligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.
🗣 Yakunda mahalla tizimini xalq manfaatlariga xizmat qiladigan eng quyi va eng ta’sirchan bo‘g‘in sifatida rivojlantirish, davlat organlari va fuqarolar o‘rtasidagi samarali muloqotni mustahkamlash bugungi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi.