#Deputatlik_nazorati #24_ta_tavsiyaviy_savol #Deputat_daftari #poytaxtdeputatlari #deputatlik_faoliyati
❗️“XO‘JA UCHQUN”DA AMALGA OSHIRILGAN ISHLAR DEPUTAT TOMONIDAN O‘RGANILDI
🏛 Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Suxrob Saifnazarov Yangihayot tumanidagi “Xo‘ja Uchqun” mahallasiga chiqib, “Obod mahalla” dasturi doirasida hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini bevosita joyida o‘rgandi.
🤝 O‘rganishda Yangihayot tuman Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi Dilshoda Xursandova hamda “Xo‘ja Uchqun” mahallasi yoshlar yetakchisi Zohidjon Omonqulov ishtirok etdi. Jarayonda mahalliy Kengash deputati faoliyatining eng muhim yo‘nalishlaridan kelib chiqib, yoshlar bilan ishlash, sport infratuzilmasi, ichki yo‘llar, piyodalar yo‘laklari hamda jamoat transporti uchun yaratilgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratildi.
🔺 Xususan, deputat mahallada barpo etilgan futbol maydonida bo‘lib, yoshlar va bolalarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, zamonaviy sport jihozlari o‘rnatilgan workout maydonchasi faoliyati ham o‘rganildi. Mahalla yoshlar yetakchisi bilan hududdagi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga keng jalb qilish va yaratilgan infratuzilmadan samarali foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
📋 “Obod mahalla” dasturi doirasida bolalar o‘yin maydonchasi ham barpo etilgan. Mazkur obyektlar mahalladagi bolalar va yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga xizmat qilmoqda.
🛣 Deputatlik o‘rganishida mahalla ichki ko‘chalari va piyodalar uchun yaratilgan sharoitlar ham e’tibordan chetda qolmadi. Hududda 6 000 kvadrat metr asfalt yotqizilib, 1 500 kvadrat metr piyodalar yo‘lagi barpo etilgan. Bu ishlar aholining, ayniqsa, bolalar va keksa yoshdagi fuqarolarning xavfsiz hamda qulay harakatlanishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
📉 O‘rganish davomida mahalliy Kengash deputati faoliyatiga belgilangan tavsiyalar asosida, ayniqsa, yoshlar yetakchisi faoliyati va yoshlar bilan ishlash samaradorligi, aholi va bolalar uchun sport inshootlarining mavjudligi va jihozlanishi, mahalla ichki yo‘llari hamda piyodalar yo‘laklari holati, jamoat transporti va avtobus bekatlarining qulayligi kabi masalalarga ustuvor e’tibor qaratildi.
🔎 Suxrob Saifnazarov hududlarda amalga oshirilayotgan loyihalarni bevosita joyiga chiqib o‘rganish, yaratilgan obyektlarning aholi ehtiyojlariga qay darajada xizmat qilayotganini tahlil qilish hamda mavjud masalalarni mahalla faollari va mas’ullar bilan birgalikda ko‘rib chiqish deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan ekanini ta’kidladi.
🌱 “Xo‘ja Uchqun” mahallasida amalga oshirilgan ishlar hudud infratuzilmasini yaxshilash bilan bir qatorda, bolalar va yoshlar uchun zamonaviy sport maydonlari, aholi uchun qulay piyodalar yo‘laklari hamda jamoat transportidan foydalanish uchun munosib sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.
📱 Telegram 📱 Instagram 📱 Facebook 📱 YouTube 🔎 E-kengash