Aholi murojaatlarini joyida o‘rganish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarga tezkor yechim topish maqsadida Xalq deputatlari shahar kengashi deputati F.Hojiyev “Shayxon” mahalla fuqarolar yig‘inida mahalla yettiligi bilan hamkorlikda sayyor qabul tashkil etdi.
Sayyor qabul davomida mahalla aholisi tomonidan ijtimoiy himoya, bandlik, kommunal xizmatlar, infratuzilma hamda kundalik turmush bilan bog‘liq bir qator masalalar ko‘tarildi. Deputat F.Hojiyev har bir murojaatni diqqat bilan tinglab, ayrim masalalarga joyida huquqiy tushuntirishlar berdi, yechim talab etadigan murojaatlar bo‘yicha esa tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborilishi belgilandi.
Uchrashuvda mahalla yettiligi vakillari ham faol ishtirok etib, hududdagi dolzarb muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan takliflarini bildirishdi.
Mazkur sayyor qabul aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, fuqarolar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish hamda joylardagi muammolarni manzilli hal etishga xizmat qildi.