Aholini tabiiy gaz bilan uzluksiz ta’minlash, fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarni joyida o‘rganish va ularning qonuniy yechimini ta’minlash deputatlik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biridir.
Shu maqsadda Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 7-“Bog‘ishamol” saylov okrugida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 14-yanvardagi KQ-35-sonli qarori ijrosi doirasida aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, hududdagi mavjud muammolar o‘rganildi.
O‘rganish davomida “Alpomish” mahallasida joylashgan 45-sonli ko‘p qavatli uyning yerto‘la qismida muhandislik-kommunikatsiya tizimlari bilan bog‘liq muammo mavjudligi aniqlandi. Jumladan, ichimlik suvi yoki oqova suv quvuridagi avariya sababli yerto‘lada ko‘p miqdorda suv to‘planib qolayotgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat bino poydevorining namlanishi va shikastlanish xavfini yuzaga keltirishi, xonadonlarga noxush hidlar tarqalishi hamda antisanitariya muhiti shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bu esa ushbu uyda istiqomat qilayotgan fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Aniqlangan muammo yuzasidan tegishli choralar ko‘rish maqsadida xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 6-“Alpomish” saylov okrugi deputati A.Ashurov tomonidan Termiz shahar Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i J.Maxammadinovga deputatlik so‘rovi yuborildi.
So‘rovda mas’ul mutaxassislar ishtirokida avariya holatini joyiga chiqqan holda o‘rganish, shikastlangan quvurni ta’mirlash yoki zaruratga ko‘ra yangilash, yerto‘lada to‘plangan suvlarni chiqarib tashlash hamda hududda tegishli dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish so‘raldi.
Shuningdek, muammoni bartaraf etish yuzasidan ko‘rilgan amaliy choralar va bajarilgan ishlar haqida Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi kotibiyatiga batafsil yozma axborot taqdim etish talabi qo‘yildi.
Deputatlik nazorati davom etadi! Aholini qiynayotgan kommunal muammolarni aniqlash, mas’ul tashkilotlar oldiga aniq vazifalar qo‘yish va ularning ijrosini nazorat qilish orqali fuqarolar uchun munosib yashash sharoitlarini yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.