Xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashi deputati Shodmonov Shoxrux O'katamovich “23-Yakkatut” saylov okrugi saylovchilari bilan navbatdagi uchrashuv o‘tkazib, 2026-yilning ikkinchi choragi davomida amalga oshirilgan deputatlik faoliyati, aholi murojaatlari bilan ishlash natijalari hamda hududlarda olib borilgan o‘rganishlar yuzasidan axborot berdi.
Hisobot davomida deputat tomonidan ikkinchi chorakda saylov okrugi hududida amalga oshirilgan ishlar, fuqarolar bilan uchrashuv va qabullar, hududlarda aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar hamda deputatlik nazorati doirasida olib borilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Hududlarda o‘tkazilgan o‘rganishlarda fuqarolarning kundalik hayotiga bevosita daxldor masalalarga, jumladan ichki ko‘chalar va yo‘llar holati, tungi yoritish, kommunal xizmatlar sifati, ko‘p qavatli uylar va ularning atrofi, jamoat transporti, bandlik, ijtimoiy himoya hamda mahallalardagi obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tegishli choralar ko‘rish belgilandi.
Deputat tomonidan fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni tizimli o‘rganish, zarur hollarda mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga deputatlik so‘rovlari yuborish hamda ularning ijrosini nazorat qilish ishlari davom ettirildi. Bu orqali aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muammolarni manzilli hal etish va mas’ul tashkilotlarning javobgarligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ochiq muloqot davomida “Bo'rijar” mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar ham muhokama qilindi. Mahalla raisi va faollar bilan hududni yanada rivojlantirish, mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand fuqarolarning murojaatlarini o‘rganish hamda mahalla infratuzilmasini yaxshilash yuzasidan fikr almashildi.