Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Nodira Egamberdiyeva Shayxontohur tumanidagi 84-sonli umumta’lim maktabida saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuv o‘tkazib, 2026-yilning ikkinchi choragi davomida amalga oshirilgan deputatlik faoliyati, aholi murojaatlari bilan ishlash natijalari hamda hudud infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berdi.
Mazkur axborot uchrashuvini tashkil etishda Xalq deputatlari Shayxontohur tumani Kengashi kotibiyati mudiri N.Karimov, tuman Kengashi deputatlari U.Sobirov va M.Valieva faol ishtirok etdilar. Shuningdek, yig‘ilishda Shayxontohur tumani hokimligi mas’ul xodimlari, mahalla raislari, faollar hamda saylovchilar qatnashdi.
Hisobotda ta’kidlanganidek, 2026-yilning ikkinchi choragi davomida Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 3 ta sessiyasi hamda doimiy komissiya yig‘ilishlari o‘tkazilib, deputat Nodira Egamberdiyeva ushbu jarayonlarda faol ishtirok etdi. Sessiya va komissiya yig‘ilishlarida bolalar maydonchalarini taʼmirlash, qurish, koʻp qavatli uylarning liftlarni almashtirish, kirish yoʻlaklarini taʼmirlash va mahalla infratuzilmasini yaxshilash masalalari muhokama qilindi.
Deputat tomonidan mahalla infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 4 ta taklif, jumladan, sport maydonchalarini barpo etish va ta’mirlash, hududlarni obodonlashtirishga oid masalalar Toshkent shahar Kengashiga kiritilib, tegishli qaror loyihalari qabul qilindi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 30-Kamolon saylov okrugi tarkibidagi 11 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari hududida 2 ta bogʻ barpo etildi va 500 dan ortiq manzarali va 300 ga yaqin mevali daraxt koʻchatlari ekildi.
Aholi bilan ochiq muloqot doirasida chorak davomida 2 marotaba sayyor qabul, 3 ta uchrashuv va 2 ta ochiq muloqot tashkil etildi. Ularda 60 nafardan ortiq fuqaro ishtirok etdi.
Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarning 30 tasi ijobiy hal etildi, 20 ta murojaat yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi. Shuningdek, 10 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, hisobot davrida 80 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro bilan manzilli ishlash tashkil etilib, shuningdek, 40 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgani qayd etildi.
30-Kamolon saylov okrugida infratuzilmani yaxshilash doirasida 1,5 ming kvadrat metr asfalt qoplamasi yotqizildi, 3 ta ko‘p qavatli uyga lift o‘rnatildi, 10 ta kirish yo‘lagi ta’mirlandi, 680 metr uzunlikdagi issiqlik tarmoqlari joriy taʼmirlandi, 5 ta transformator almashtirildi, 10 ta gaz taqsimlash punktlari texnik koʻrikdan oʻtkazildi hamda 1,4 metr uzunlikdagi elektr kabeli tortildi.
Hisobot yakunida uchinchi chorak uchun ham qator ustuvor vazifalar belgilandi. Jumladan, irrigatsiya tarmoqlarini tartibga keltirish, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ko‘p qavatli uylar va yakka tartibdagi turar joylarda aholi uchun qulay sharoit yaratish, tibbiy xizmat sifatini oshirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tuman tibbiyot birlashmasi va kommunal xizmat ko‘rsatish korxonalari bilan hamkorlikda aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida deputat faoliyatining asosiy maqsadi — saylovchilar manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini amaliy hal etishga ko‘maklashish hamda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga munosib hissa qo‘shish ekanligini ta'kidlab o'tdi.