Maqsad odamlarni rozi qilish!
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida islohotlar natijadorligiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mamlakatimiz
hayotidagi eng dolzarb masalalar ochiq va tanqidiy muhokama qilindi. Yig‘ilish nafaqat ijro organlari, balki xalq deputatlari mahalliy Kengashlar uchun ham muhim xulosalar chiqarishga undaydi.
Deputat sifatida yig‘ilishdagi asosiy jihatlardan birini xalqning davlat boshqaruvidan kutayotgan natijasi va uning hayotidagi amaliy o‘zgarishlarga
eʼtibor qaratilganini alohida taʼkidlamoqchiman. Prezidentimizning “O‘zgarishlarni joylardagi rahbarlardan boshlash kerak”, degan fikri bugungi
kunda barcha bo‘g‘inlardagi boshqaruv tuzilmalari oldida yangicha masʼuliyat va ijro intizomini taqozo etadi. Chunki kuchli tuman — kuchli viloyat, kuchli viloyat esa kuchli davlat asosidir.
Shuni taʼkidlash joizki, tuman va shahar bo‘g‘inidagi hokimiyatning vakolatlarini kengaytirish tashabbusi o‘z o‘rnida joylarda tashabbuskorlikni
oshirish, o‘z muammosini joyida hal eta oladigan boshqaruv tizimini shakllantirishga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, mahalliy Kengashlar faoliyatida ham hududlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi qonunchilik tashabbuslarini ilgari surishni talab qiladi.
Yig‘ilishda nazorat tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbuslar juda o‘rinli bo‘ldi. Ayniqsa, Hisob palatasi vakolatlarini kengaytirish va “Xalq nazorati” portalini ishga tushirish, budjet mablag‘larini oqilona ishlatish va natijadorlikka erishishda ochiqlikni taʼminlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.
Prezidentimizning tanqidiy mulohazalaridan yana biri — xalq bilan ishlash sifatiga oid fikrlari har bir rahbar, shu jumladan, biz deputatlar uchun ham
ogohlik signalidir. Chunki xalq ishonchini qozonish bir zumlik ish emas. Bunga doimiy muloqot, halollik va amaliy natijalar orqali erishiladi. Endi joylardagi rahbarlar, deputatlar har bir murojaatni qog‘ozda emas, inson taqdirini hal etish imkoniyati sifatida ko‘rishi zarur. Shu maʼnoda, xalq qabulxonalari faoliyatini takomillashtirish, ularda ishlaydigan mutaxassislarning malakasini oshirish, ularni chinakam fidoyi kadrlarga aylantirish bo‘yicha qonunchilik tashabbuslarini ilgari surish vaqt talabidir.
Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, videoselektor yig‘ilishidagi har bir topshiriq, har bir tanqid — bu islohotlarning hayotga tatbiq etilishidagi yangi
bosqichdir. Deputatlar sifatida bizning eng katta vazifamiz tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, ularni qonunchilik asosida mustahkamlash va natijani xalq hayotida sezilarli qilishga xizmat qilishdir. Chunki bu islohotlarning yakuniy mezoni xalq roziligi va ishonchidir.
Xalq deputatlari Dehqonobod
tuman Kengashi deputati Sirojiddin Azizov