Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashining 2026-yil 26-avgustdagi III-23-75-14-204-K/26-son qarori bilan Chilonzor tumanining 2026-yilda shakllangan qo‘shimcha mahalliy budjet mablag‘larini aniq va maqsadli yo‘nalishlarga sarflash belgilandi.
Mazkur qarorning eng muhim jihati — qo‘shimcha mablag‘larni shunchaki budjetda saqlab qolish emas, balki ularni bevosita aholining ehtiyojlari va jamoatchilik fikri asosida shakllangan tashabbuslarni amalga oshirishga yo‘naltirishdir.
Qarorga muvofiq, Chilonzor tumanida qo‘shimcha manbalar hisobidan jami 5 milliard 684 million 494 ming so‘m mablag‘ni xarajatlarga yo‘naltirish ma’qullangan. Ushbu mablag‘lar tuman mahalliy budjetining daromadlar rejasini orttirib bajarish, yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotishdan tushgan mablag‘lar hamda respublika budjetidan ayrim soliqlar hisobidan shakllangan.
Qarorning alohida ahamiyatli jihatlaridan biri — jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga mablag‘ ajratilishidir.
Hujjatda belgilangan tartibga ko‘ra, tegishli qo‘shimcha daromadlarning 30 foizdan kam bo‘lmagan qismi “Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi”ga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Qarorda ajratilgan mablag‘lardan to‘g‘ri, maqsadli va samarali foydalanishni ta’minlash vazifasi ham aniq belgilangan.
Chunki budjet mablag‘i — bu xalqning mablag‘i.
Shuning uchun har bir so‘m o‘z egasiga — aholining manfaatiga xizmat qilishi kerak.
Qaror ijrosining nazorati esa xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashining Mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiyalar va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi zimmasiga yuklatilgan.
Bu esa mahalliy budjet ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratining naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.