Zarbdor tuman hokimi B.Tashpulatov, tuman IIB boshlig‘i E.Axmedov hamda 14-Yangikent okrugidan saylangan deputat F.Sarimsoqov "Yangikent" mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolar bilan uchrashib, ularning fikr-mulohazalari va mavjud muammolarini o‘rgandi.
Uchrashuv davomida ko‘p qavatli uylar atrofi va hududini yangi qiyofaga keltirish, obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish, bolalar uchun zamonaviy o‘yingoh (bolalar maydonchasi) barpo etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusida mazkur ko‘p qavatli uylarning tashqi qismini issiqlik qoplamasi (bazalt) bilan qoplash orqali energiya tejamkorligini oshirish rejalari haqida so‘z yuritildi.
Mazkur ishlar aholiga qulay sharoit yaratish, ko‘p qavatli uylar infratuzilmasini yaxshilash hamda yashash muhitini yanada obod etishga qaratilgani ta’kidlandi.