Termiz shahrida mahalla boshqaruv tizimini takomillashtirish, aholi bilan muloqotni kuchaytirish va fuqarolar murojaatlariga amaliy yechim topish yuzasidan deputatlik nazorati tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Shu doirada Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 19-“Ma’rifat” saylov okrugi deputati A.Mustafakulov hamda Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi R.Mamashukurov “Ma’rifat” mahallasida bo‘lib, hududda amalga oshirilayotgan ishlar va mahalla boshqaruvi faoliyatini o‘rgandilar.
O‘rganish doirasida mahalla raisi ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazilib, aholi bilan ishlash tizimi, mavjud muammolarni aniqlash va manzilli hal etish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda mahalla boshqaruvida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi PF-116-son Farmonida belgilangan vazifalarning mahalla miqyosida ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, “mahalla yettiligi” a’zolari faoliyatini muvofiqlashtirish, fuqarolar murojaatlarini joyida o‘rganish va ularning muammolarini o‘z vaqtida hal etish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur nazorat-tahlil tadbiri mahalliy Kengash deputatlari faoliyati bo‘yicha belgilangan “24 ta eng muhim yo‘nalish” doirasida tashkil etilib, mahalladagi ishlar samaradorligini oshirish va belgilangan vazifalar ijrosini kuchaytirishga qaratildi.
Yakunida aniqlangan masalalarni bartaraf etish, aholi bilan ishlashni yanada takomillashtirish hamda Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli mas’ullarga tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.