Новости

Последние новости

SAN’AT FIDOYISIDAN XABAR OLINDI

#deputatlik_faoliyati_Uchtepa #haftalik_ish_reja_doirasida

SAN’AT FIDOYISIDAN XABAR OLINDI

💹 Xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi kotibiyati tomonidan tumanda istiqomat qiluvchi, o‘zbek san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlar holidan xabar olish, ularning hayoti va ijtimoiy sharoitlariga e’tibor qaratish borasida ishlar olib borilmoqda.

🔺 Bu gal Uchtepa tumanining Ko‘ksaroy mahallasida istiqomat qiluvchi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdusamad Jo‘raboyev holidan xabar olindi. Uzoq yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Yosh tomoshabinlar teatrida samarali faoliyat yuritgan san’atkor o‘zining ijodiy mehnati va rollari orqali tomoshabinlar mehrini qozongan.

📇 Xonadonga tashrif davomida xalq deputatlari Uchtepa tumani Kengashi kotibiyati mudiri Anvar Usmanov, kotibiyat bosh mutaxassisi Umidbek Abilov hamda mahalla faollari san’atkor bilan samimiy suhbatlashib, uning holidan xabar oldilar.

🗣 Suhbat davomida Abdusamad Jo‘raboyev davlatimiz tomonidan madaniyat va san’at sohasi vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ijodkorlarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi. Xususan, 2026-yil 1-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at namoyandalari bilan ochiq muloqotida sohani rivojlantirish, ijodkorlarni rag‘batlantirish hamda ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijod ahli uchun katta e’tibor va g‘amxo‘rlik ifodasi ekanini ta’kidladi.

📺 “San’atkorlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, ularning mehnati va ijodiga berilayotgan yuksak baho bizni juda quvontiradi. Ijodkorlarning holidan xabar olinishi, ularning qadrlanishi va qo‘llab-quvvatlanishi katta ma’naviy kuch bag‘ishlaydi. Bunday e’tibor uchun davlatimiz rahbariga, shuningdek, bizni yo‘qlab kelgan tuman Kengashi vakillari va mahalla faollariga samimiy minnatdorlik bildiraman”, — dedi Abdusamad Jo‘raboyev.

🧠 Bunday tashriflar san’at va madaniyat fidoyilariga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning ko‘p yillik mehnatini qadrlash hamda mahalla va aholi o‘rtasidagi mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Slide 1 of 4