Uchqizil MFYda sug‘orish suvi nasosi bilan bog‘liq muammo o‘rganildi
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi 5-Uchqizil saylov okrugi deputati Sh.Norsayev saylangan Uchqizil MFY hududida fuqaroning murojaati mutaxassis T.Murodov tomonidan joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganish davomida kanaldan sug‘orish uchun suvni yuqoriga chiqarib berishga xizmat qiluvchi suv nasosining holati ko‘zdan kechirildi.
Aniqlanishicha, mazkur nasos to‘liq himoyalanmagan holatda joylashgan bo‘lib, uning atrofida bolalar o‘ynab yurishi sababli xavfsizlik nuqtayi nazaridan xavf tug‘dirishi mumkin. Shuningdek, nasos ta’mirtalab holatda ekani, sug‘orish uchun suv chiqarish vaqtida uni ishga tushirish uchun bir necha kishi kelib, qo‘lda ishga tushirishiga to‘g‘ri kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, o‘rganish davomida ushbu suv nasosining qaysi tashkilot balansida ekani aniq emasligi, murojaat qilingan ayrim tashkilotlar esa mazkur nasos o‘z tasarrufiga tegishli emasligini bildirayotgani qayd etildi.
Mazkur holat yuzasidan suv nasosining balansdor tashkilotini aniqlash, texnik holatini o‘rganish, zarur ta’mirlash ishlarini amalga oshirish hamda nasosni xavfsiz holatga keltirish bo‘yicha tegishli mas’ullarga takliflar bildirildi.
Sug‘orish suvini chiqarishda foydalaniladigan mazkur nasosning soz va xavfsiz holatga keltirilishi masalasi deputatlik nazoratiga olindi.