Fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazildi
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi raisi S. Nazarov, 5-Uchqizil saylov okrugi deputati Sh. Norsayev hamda Kengash mutaxassisi K. Abdullayeva Uchqizil MFY raisi bilan birgalikda hududdagi muammoli masalalarni joyiga chiqqan holda o‘rgandi.
Tashrif davomida Obod ko‘chasi aholisi bilan uchrashuv o‘tkazilib, fuqarolarning murojaat va takliflari tinglandi. Uchrashuvda aholi tomonidan ichki yo‘lni asfaltlashtirish, shuningdek, maishiy gaz ballonlari o‘z vaqtida yetkazib berilmayotgani bilan bog‘liq muammolar ko‘tarildi.
Mahalla raisi tomonidan Obod ko‘chasini asfaltlashtirish masalasi “Tashabbusli budjet” loyihasiga kiritilgani ma’lum qilinib, ushbu tashabbusning g‘olib bo‘lishi uchun mahalla aholisi birgalikda faol ishtirok etishi, loyihani qo‘llab-quvvatlab ovoz to‘plashi muhim ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatlar tegishli tartibda nazoratga olinib, ularni hal etish yuzasidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rish belgilandi.