Prezidentimiz 2024-yil 20-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish masalasiga alohida to‘xtalib, ustuvor vazifalarni belgilab bergan edi.
Darhaqiqat, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, uning keng targ‘ibotini ta’minlash ijtimoiy ahamiyatga ega masala sanaladi. U umumjamiyat harakatiga aylansagina natijaga erishiladi. Shu bois, yurtimizda aholi salomatligini saqlash, xalqimiz o‘rtasida sportni ommalashtirish borasida parlament palatalari tomonidan ham muayyan ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shundan kelib chiqib, yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Toshkent viloyati Zangiota tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib, fuqarolarga sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
Aholi vakillariga sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, zararli odatlarga qarshi kurashish, aholining barqaror tibbiy madaniyatini shakllantirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Deputatlar shuningdek, tumandagi “Obod” mahallasida ham bo‘lib, aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi. Mahalla faollari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda aholi salomatligini muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish bo‘yicha qator takliflar berildi.
Kuni kecha bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida ayni shu masala atroflicha muhokama qilindi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Mavluda Xo‘jayeva hamda bir guruh deputatlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun zarur shart-sharoit, imkoniyatlar yaratilib, mazkur soha tubdan isloh qilinmoqda. Xususan, sohaning huquqiy asoslari takomillashtirilib, o‘tgan davrda qator qonunlar, Prezidentimizning sohaga oid 80 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi.
Davlat budjetidan sportga ajratilayotgan mablag‘ 1,5 trln. so‘mdan 3 trln. so‘mga oshdi, 101 ta yirik sport obyekti yangidan qurilib, 67 tasi rekonstruksiya qilindi. Sohada olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimiz aholisining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 2010-yildagi 72,9 yoshdan 2024 yilda 74,7 yoshga yetdi.
Yig‘ilishda parlament palatalari tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar asosida joylarda aholi orasida keng targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilayotgani, mazkur masala mahalliy Kengashlar sessiyalarida ham atroflicha muhokama qilinayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, viloyatda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish borasidagi ishlar qizg‘in muhokama qilinib, mutasaddi tashkilot rahbarlarining axborotlari eshitildi.
Muhokamalarda sohada uchrayotgan muammolarni hal etish, ushbu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, targ‘ibot-tushuntirish ishlariga keng jamoatchilik, jumladan, “mahalla yettiligi”, nodavlat notijorat tashkilotlari, OAV xodimlarini keng jalb etish bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
Sessiyada viloyatda aholining salomatligini saqlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish borasida mutasaddi tashkilotlar oldida turgan ustuvor vazifalar, ularni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirishga kelishib olindi.