Новости

Doimiy komissiya tomonidan mahallalarda qonunlar va Kengash qarorlari ijrosi joyiga chiqqan holda o‘rganildi

Xalq deputatlari Dehqonobod tumani Kengashi kotibiyati mudiri G‘. Xo‘jamqulov boshchiligida Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiya a’zolari hamda ijro organi vakillari ishtirokida Mustaqillik, G‘o‘roti va O‘zbekiston mahallalarida joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi.

Mazkur o‘rganishlar O‘zbekiston Respublikasining "Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida"gi Qonunining 19¹-moddasi talablari asosida amalga oshirildi. Ushbu modda doimiy komissiyalarga davlat organlari tomonidan qonun hujjatlari hamda xalq deputatlari Kengashi qarorlarining ijrosi holatini joylarga chiqqan holda o‘rganish va deputatlik nazoratini amalga oshirish vakolatini beradi.

O‘rganish davomida Xalq deputatlari Dehqonobod tumani Kengashining 2025-yil 17-fevraldagi VII-5-20-4-57-K/25-sonli qarori ijrosi atroflicha tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, mazkur qarorga asosan tumandagi 9 ta mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binolarini ta’mirlash ishlari uchun jami 432,4 million so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, shundan 332,4 million so‘mlik qurilish materiallari elektron savdo platformasi orqali xarid qilingan hamda ushbu materiallar belgilangan tartibda mahallalarga yetkazib berilgan.

O‘rganish jarayonida qurilish-ta’mirlash ishlari mahalla faollari va fuqarolar ishtirokida hashar yo‘li bilan tashkil etilgani, bu esa ajratilgan budjet mablag‘larining maqsadli, samarali va tejamkor foydalanilishini ta’minlagani qayd etildi.

Shuningdek, amalga oshirilgan ishlar natijasida mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarining moddiy-texnik holati yaxshilangani hamda aholiga xizmat ko‘rsatish uchun qulay sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi.

O‘rganish yakunlari bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi hamda mazkur masalani Xalq deputatlari Dehqonobod tumani Kengashining VII chaqiriq 26-sessiyasida ko‘rib chiqish belgilab olindi.

Xalq deputatlari Dehqonobod tumani Kengashi doimiy komissiyalari tomonidan joylarda o‘rganishlar olib borish orqali qarorlar ijrosining samaradorligi, budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi hamda hududlarda ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Slide 1 of 4