Fuqarolar murojaatlari uyma-uy o‘rganildi
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi deputatlari G. Shafoatova, K. Abdullayeva hamda Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi T. Murodov tomonidan Kengashning tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq Yangihayot, Orol va Xalqobod mahallalari hududida fuqarolar bilan uyma-uy muloqot o‘tkazilib, ularning murojaat va takliflari tinglandi.
Muloqotlar davomida aholini qiynayotgan masalalar joyida o‘rganilib, mavjud muammolar yuzasidan tegishli mutasaddilar bilan hamkorlikda zarur choralar ko‘rish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Shuningdek, hududlarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishildi. Xususan, aholini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish va infratuzilmani yaxshilash bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilayotgani alohida ta’kidlandi.
Bunday uchrashuv va o‘rganishlar fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish, hududlarda olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish hamda aholi bilan ochiq muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.