21-oktyabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan Zarbdor tumanidagi 1-sonli Politexnikumda yuksak ruhda bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda ta’lim muassasasi o‘qituvchilari va o‘quvchilari bilan birga, keng jamoatchilik vakillari, tuman hokimligi, Madaniyat bo‘limi, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi, Axborot-kutubxona markazi hamda boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Xalq deputatlari Zarbdor tuman Kengashi deputati va 1-sonli Politexnikum direktori Z.Umurzakov so‘zga chiqib, bayram ishtirokchilarini qutladi. O‘z nutqida u quyidagilarni ta’kidladi:
“O‘zbek tili — bu nafaqat aloqa vositasi, balki xalqimizning ruhiy qudrati, tarixiy xotirasi, boy madaniy merosining eng muhim asoslaridan biridir. Bugun ona tilimizni e’zozlash, uni yanada boyitish va yosh avlod qalbiga chuqur singdirish — barchamizning sharafli burchimizdir. Biz, pedagoglar va deputatlar sifatida, ushbu muqaddas tilni asrash va rivojlantirish yo‘lida doimiy harakatdamiz.”
Bayram tadbirida o‘quvchilar tomonidan ijro etilgan ona tilimizni madh etuvchi she’rlar, kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari barchaga milliy iftixor, faxr va g‘urur tuyg‘ularini ulashdi. Tadbir yakunida tilimizga bo‘lgan ehtirom ruhida tashkil etilgan ko‘rgazma va badiiy chiqishlar tomoshabinlar qalbida chuqur taassurot qoldirdi.