Slovakiya Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi: yangi strategik hamkorlik bosqichi 2025-yil 9-iyun kuni Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fico O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Ko’ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tgan rasmiy kutib olish marosimi
nafaqat diplomatik an’ana, balki ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va ishonch muhitining yorqin dalilidir.
Ushbu tashrif, shubhasiz, O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Muzokaralarda savdo-iqtisodiy aloqalarni faollashtirish, “yashil” energetika, ilmiy-ta’limiy hamkorlik, IT-startaplar va mehnat migratsiyasi sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Bu esa ikki tomonlama aloqalarning faqat an’anaviy emas, balki innovatsion yo‘nalishlarda ham chuqurlashayotganini ko‘rsatadi. Slovakiya — Yevropa Ittifoqi a’zosi sifatida O‘zbekiston uchun G‘arb bozorlariga chiqishda muhim “ko‘prik” bo‘lib xizmat qilishi mumkin. O‘zbekiston esa Markaziy Osiyodagi yirik transport-logistika markaziga aylanib borayotgan bir paytda, bunday strategik hamkorlik ikki tomon uchun ham katta geoiqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi.
Mazkur tashrif orqali siyosiy muloqot yanada faollashdi, o‘zaro ishonch va amaliy natijalarga asoslangan hamkorlik mustahkamlanmoqda. Robert Fico tashrifi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiqligi va tashqi siyosatining ko‘p
vektorli, muvozanatli yo‘nalishini yana bir bor tasdiqlaydi. “BioEcoWorld” MCHJ QK tomonidan amalga oshirilayotgan “ROKOSAN” (Slovakiya) texnologiyasi 25 yildan ortiq tarixga ega. Jizzaxda 5 yildan beri qo‘llanib kelinmoqda. Ushbu texnologiya yer
degradatsiyasini to‘xtatish, tuproq darajasini normallashtirish, mineral o‘g‘itlar xarajatini 40 foizga kamaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek texnoligiya qishloq xo‘jaligida, xususan paxtani ko‘sak qurti bilan zararlanish
xavfini 50% ga kamaytiradi, paxtaning erta yetilishini taʼminlaydi, tuproq strukturasini yaxshilaydi, o‘simliklarning ozuqa moddalarini o‘zlashtirishini yaxshilaydi hamda kasalliklarga chidamlilikni oshiradi. Xulosa qilib aytganda Slovakiya Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi — bu ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlovchi, ko‘p qirrali hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergan muhim siyosiy voqelikka aylandi. Bu tashrif, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatdagi nufuzi ortib borayotganining yaqqol dalilidir.
Халқ депутаталри вилоят Кенгаши депутати Тўрақулов Элёр Шухратович