Новости

Deputat munosabati

MAHALLIY SANOATNI RIVOJLANTIRISHDA TADBIRKORLARIMIZNING IMKONIYATLARI YUQORI

Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 26 may kuni mahalliy sanoatni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish bo'lib o'tdi.

Bugun dunyodagi tebranishlar sharoitida har bir davlat, avvalo, eng ko‘p ish o‘rinlari yaratadigan sohalarni himoyalash choralarini ko‘rayapti. Mamlakatimizda to‘qimachilik, qurilish materiallari, mebelsozlik ana shunday sohalardir – ularda 1 millionga yaqin aholi ishlamoqda.

Yig‘ilishda mahalliy sanoatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu boradagi holat tuman va tarmoqlar kesimida tahlil qilinib, kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston Prezidentining farmoniga ko‘ra, nafaqat xalqaro sertifikat olish, balki korxonani bunga moslashtirish xarajati ham qoplab berilishi belgilangan. Bundan foydalanib, imkoniyatlarni tadbirkorlarga yetkazib, har bir viloyatda xalqaro sertifikatga ega korxonalarni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Hozirgi murakkab sharoitda o‘zimizda bor xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirish – eng asosiy masala. Shu maqsadda, tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun faktoring tizimi joriy qilindi, bunga 100 million dollar ajratildi.

Shuning davomi sifatida, endi to‘qimachilik korxonalari ip-kalavani faktoring asosida soddalashgan tartibda sotib olishi mumkin bo‘ladi.

Mahalliy sanoatdagi yana bir salohiyatli yo‘nalish – mebelsozlik. Bu tarmoqda 7 ming 500 ta korxona ishlab turibdi. O‘tgan yilning o‘zida 920 ta yangi korxona ochilgan. Sohada 6 trillion 700 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 20 million dollarlik mebel eksport qilingan.

Tadbirkorlarimiz bundan ko‘piga ham qodir. Shu maqsadda uydagi hunarmandlikdan sanoatlashgan bosqichga o‘tish istagida yurganlar ancha.

Shu bois, endi 5 nafargacha ishchi olganlarga yakka tadbirkor sifatida mebel ishlab chiqarishga ruxsat beriladi. Ushbu faoliyatni boshlash, kengayish istagida yurgan yosh tadbirkorlarga 7 yilga 5 milliard so‘mgacha 18 foizli kredit ajratiladi.

Sohadagi kichik biznes vakillari chet eldan materiallar olib kelishda qiynalishi mumkin. Ularga bu borada ko‘maklashish, transport xarajatlarini yengillatib, xomashyoni arzon yetkazib berish maqsadida yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan holda olib kelish tashkil etiladi. Bunda monopoliyaga yo‘l qo‘yilmaydi, aksincha bozorda tanlov imkoniyati oshadi. Tadbirkorlar narxi va ehtiyojiga qarab, ushbu arzonlashtirilgan yog‘ochdan yoki boshqa ta’minotchidan sotib olishi, yoki chet eldan o‘zi keltirishi mumkin bo‘ladi.

✍️ Azimjon Ibragimov,

Xalq deputatlari Piskent tuman Kengashi kotibiyat mudiri

Slide 1 of 1