2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, yog‘ingarchilik davrida suv to‘planishi va aholi harakatida noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish maqsadida Xalq deputatlari Chilonzor tumani Kengashi deputati Alisher Abduvahobovich Xusainov tomonidan “Bek-to‘pi” mahallasidagi ariqlar va lotoklarning holati o‘rganildi. O‘rganish davomida chiqindilar to‘planib qolgani, suv oqimiga to‘sqinlik qiluvchi tiqilishlar yuzaga kelishi mumkinligi aniqlandi.
Shuningdek, aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida deputat A.A. Xusainovning tashabbusi bilan ariqlar va lotoklarni tozalash ishlari amalga oshirildi. Natijada suv oqimiga to‘sqinlik qilayotgan chiqindilar olib tashlanib, yog‘ingarchilik paytida suv to‘planishi va tiqilishlar yuzaga kelishining oldini olish choralari ko‘rildi.
Amalga oshirilgan ishlar mahallada sanitariya holatini yaxshilash, bolalar va aholining erkin hamda qulay harakatlanishi uchun sharoit yaratish, shuningdek, kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarning oldini olishga xizmat qiladi.