Xalq deputatlari tuman Kengashining 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan saylangan deputatlar J.Sadirov va O.Babayev tomonlaridan tumanning “Sari-Qangli” mahallasida joylashgan 12-sonli oilaviy poliklinika aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun yaratilgan sharoitlar, muassasaning moddiy-texnika bazasi bilan ta’minlanganlik holati, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish jarayonlari, elektron retsept berish amaliyoti hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati sessiyadan oldin o‘rganildi.
🔻O‘rganish davomida poliklinikada aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun yaratilgan sharoitlar, mavjud tibbiy jihozlar va texnik vositalardan foydalanish holati ko‘zdan kechirildi. Muassasada xizmat ko‘rsatish jarayonini yanada qulay va samarali tashkil etish, aholiga tibbiy xizmatlarni o‘z vaqtida ko‘rsatish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, tibbiy xizmatlarni raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ham o‘rganildi. Jumladan, poliklinikada “D-Med” axborot tizimi ishlayotgani, tibbiy ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish imkoniyatidan foydalanilayotgani qayd etildi.
🔻Tibbiy xizmatlarni raqamlashtirishning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan elektron retsept berish amaliyoti ham yo‘lga qo‘yilgan. Hozirda bemorlarga retseptlar elektron shaklda rasmiylashtirilmoqda. Bu esa tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonini tizimlashtirish, ma’lumotlarni elektron shaklda yuritish hamda retsept berish jarayonida qulaylik yaratishga xizmat qilmoqda.
🔻O‘rganish jarayonida poliklinikaning kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Muassasadagi isitish qozoni texnik jihatdan soz holatda ekani ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, kuz-qish mavsumida uzluksiz issiqlik ta’minotini ta’minlash uchun ko‘mir zaxiralari mavjudligi katta hamshira G.Irmatova tomonidan ma’lum qilindi.
🔻Umuman, o‘rganish natijasida oilaviy poliklinikada aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlar yaratilgani, moddiy-texnika ta’minoti holati qoniqarli ekani, raqamli tibbiy xizmatlardan foydalanilayotgani hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari ta’minlangani qayd etildi.