Jańalıqlar

Deputatning xizmatdan tashqari vaqtdagi xulq-atvori va kiyinish odobi

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatlarining Namunaviy odob-axloq qoidalari deputatning nafaqat xizmat faoliyati davomida, balki xizmatdan tashqari vaqtda ham yuksak odob-axloq me'yorlariga rioya etishini belgilaydi.

32-bandga ko‘ra, deputat xizmatdan tashqari vaqtda deputatning yuksak nomiga dog‘ tushiradigan, o‘zining sha'ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga, shuningdek Kengash nufuziga putur yetkazadigan hamda deputatlik vakolatlarini suiiste'mol qilish deb baholanishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlardan tiyilishi lozim.

Jumladan, deputat:

Jamoat joylarida, shu jumladan kafe, restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda o‘zini tutish qoidalariga rioya etishi;

Atrofdagilarning e'tiborini tortuvchi ortiqcha yoki salbiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi;

Dabdababozlik, shuhratparastlik, guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlardan yiroq bo‘lishi;

Jamoat tartibi va xavfsizligiga zid harakatlarni sodir etmasligi hamda boshqalarni noqonuniy xatti-harakatlarga undamasligi shart.

Shuningdek, deputat shaxsiy munosabatlarda kamtar, halol, xushmuomala bo‘lishi, fuqarolar va hamkasblar bilan muloqotda hurmat tamoyillariga amal qilishi hamda hech kimga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lmasligi lozim.

33-bandga muvofiq, kundalik turmushda odob normalariga rioya etish deputat odob-axloq qoidalarining ajralmas qismi hisoblanadi.

Deputat kiyinish madaniyatida sipolik va kamtarlikni namoyon etishi, ayniqsa deputatlik vakolatlarini amalga oshirish chog‘ida o‘ta dabdabali kiyim-bosh kiymasligi, ortiqcha bezaklar va e'tiborni tortuvchi aksessuarlardan foydalanmasligi tavsiya etiladi.