35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Jańalıqlar

Sońǵı jańalıqlar

Yettinchi chaqiriq Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining navbatdagi o‘ttiz birinchi sessiyasi belgilangan tartibda bo‘lib o‘tdi. Sessiyaga Kengash raisi Osimxon Axmatshayev raislik qildi.

Sessiyada Marg‘ilon shahar hokimi Elbek Rustamov, shahar Kengashi deputatlari, prokuratura va ichki ishlar organlari mas’ullari, shahar hokimining o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va idoralar rahbarlari, Kengash huzuridagi ekspert-maslahat hamda Yoshlar maslahat guruhi a’zolari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Sessiya kun tartibidan mahalliy budjetning 2026-yilda shakllangan qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘larni yo‘naltirish, 2-chorakdagi budjet ijrosi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi PQ-48-son qarori ijrosi, aholi murojaatlari bilan ishlash samaradorligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti holati kabi muhim masalalar o‘rin oldi.

Dastlab mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalaridan mablag‘larni yo‘naltirish masalasi ko‘rib chiqilib, mablag‘lardan oqilona va maqsadli foydalanish, ularni hududning ustuvor vazifalari va aholi manfaatlariga yo‘naltirish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, 2026-yil 2-chorakdagi budjet ijrosi muhokama qilinib, mablag‘lardan samarali foydalanish va moliyaviy intizomni ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Kun tartibidagi navbatdagi masala Prezidentning PQ-48-son qarori ijrosiga bag‘ishlandi. Qarorda belgilangan vazifalarning shaharda o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, mas’ul tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish hamda ijro intizomini mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining 2026-yil 22-iyundagi KQ-360-V-sonli qarori ijrosini shaharda ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi. Unda aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, murojaatlarda ko‘tarilgan muammolarning amaliy yechimini ta’minlash va mas’ul tashkilotlar rahbarlarining hisobdorligini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Sessiyada, shuningdek, 2026-yilning olti oyi davomida shahar davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti holati yuzasidan shahar adliya bo‘limining axboroti eshitildi. Qonuniylikni ta’minlash, huquqiy talablarning to‘g‘ri qo‘llanilishi va davlat organlari faoliyatida huquq ustuvorligini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Sessiyada ko‘rib chiqilgan masalalar Marg‘ilon shahrining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish, aholi murojaatlarini hal etish va davlat organlari faoliyati ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Slide 1 of 9