Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashining 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasida belgilangan nazorat-tahlil tadbirlari doirasida Kengash raisi O.Babayev hamda kotibiyat mudiri J.Sadirov tomonlaridan tumanning “Uyenkulsay” mahallasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-oktyabrdagi PQ-343-son qarorida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
🔺Muloqot davomida mahalla aholisi tomonidan ichimlik suvi ta’minoti, suv tarmoqlarining holati, qurilish ishlari hamda loyihaning yakunlanish muddatlari bo‘yicha qator savollar va takliflar bildirildi. Deputatlar fuqarolarning murojaatlarini tinglab, amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mas’ul tashkilot vakillaridan axborot oldi.
🔺“Toshkent viloyati suv ta’minoti” AJ tuman filiali rahbari S.Radjapov tomonidan ma’lum qilinishicha, mazkur qaror asosida mahalladagi mavjud 995 ta oilalarni sifatli va uzluksiz ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan qurilish-montaj ishlari belgilangan reja asosida olib borilishi, loyiha doirasida yangi suv tarmoqlarini tortish, eski quvurlarni yangilash hamda suv ta’minoti infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, barcha qurilish va montaj ishlari joriy yilning oktyabr oyida to‘liq yakunlash rejalashtirilganligi, belgilangan ishlar sifat talablariga muvofiq bajarilishi doimiy nazoratda ekanligi ta’kidlandi.
🔺Deputatlar mazkur masalani alohida nazoratga olganliklarini bildirib, aholi murojaatlari va loyihaning ijrosi yuzasidan muntazam monitoring olib borilishini qayd etdilar. Ochiq muloqot davomida fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar hamda loyihaning o‘z vaqtida yakunlanishi yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdilar.