Xalq deputatlari Yunusobod tuman Kengashi deputati O.D. Eshonxodjayev tashabbusi bilan Yunusobod tumani 20-Jomiy saylov okrugi hududida joylashgan “Jomiy” MFY, “Yangi ariq” MFY hamda “Iftixor” MFY raislarining sog‘lig‘ini mustahkamlash, ularning kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va profilaktik tibbiy xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan amaliy tadbir tashkil etildi.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi 265-I-son Qonunida belgilangan aholining sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish hamda fuqarolarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish tamoyillariga hamohangdir.
Shu asosda, joriy yilning 6-may kuni mazkur mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Tibbiy ko‘rik davomida mutaxassislar tomonidan zarur diagnostik tekshiruvlar amalga oshirilib, sog‘liq holati yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Bu kabi profilaktik tadbirlar mahalla tizimida faoliyat yuritayotgan mas’ul xodimlarning salomatligini asrash, ularning samarali mehnat faoliyatini ta’minlash hamda joylarda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Deputat tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bunday amaliy ishlar mahallalarda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash va profilaktika yo‘nalishidagi ishlarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bizni kuzatishda davom eting!