🏛 Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yillik tarixiy bosqichi — bu milliy davlatchilik poydevorini qurish, sinovli yillarni mardona yengib oʻtish hamda zamonaviy, raqobatbardosh va inson qadrini ulugʻlaydigan davlatni barpo etishning shonli solnomasidir. Ushbu tarixiy davrning har bir yili va har bir bosqichi biz uchun nihoyatda qadrli va mantiqiy poydevor boʻlib xizmat qildi. Tarixiy adolat va xolislik tamoyilidan kelib chiqqan holda ta'kidlash joizki, Mustaqillikning dastlabki yillarida murakkab geopolitik va iqtisodiy sharoitlarga qaramay, davlatimiz mustaqillikni saqlab qolish, tinchlik va barqarorlikni ta'minlash hamda davlat apparati infratuzilmasini shakllantirish boʻyicha ulkan tarixiy vazifani uddaladi.
📁 Aytish mumkinki, Toshkent shahar va tuman Xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatida2016 yildan soʻng tub burilish yuz berdi. 1991–2016 yillar oraligʻida mahalliy Kengashlar faoliyati koʻp hollarda ijroiya hokimiyati (Hokimliklar) soyasida qolib ketgan edi. “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunning eski tahririda Hokimning bir vaqtning oʻzida ham ijroiya hokimiyati rahbari, ham Xalq deputatlari Kengashi raisi boʻlib xizmat qilishi manfaatlar toʻqnashuvini keltirib chiqarar hamda deputatlik nazoratining ta'sirchanligini pasaytirar edi.