Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

AHOLI XAVFSIZLIGI YO‘LIDA: XURRIYAT MAHALLASIDAGI CHORRAHAGA SVETOFOR O‘RNATISH BO‘YICHA DEPUTATLIK SO‘ROVI YUBORILDI

Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashiga 19-«Chashma» saylov okrugidan saylangan deputat Xojiboyev Jalol Xatamboyevich tomonidan aholi xavfsizligini ta’minlash, yo‘l harakati bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish hamda fuqarolar uchun qulay va xavfsiz muhit yaratish maqsadida deputatlik so‘rovi yuborildi.
📌Muammo aholi bilan muloqot jarayonida o‘rganildi.
Deputat saylovchilar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar, shuningdek, saylov okrugidagi nuroniylar va mahalla faollari bilan olib borilgan suhbatlar davomida hududda fuqarolarni tashvishga solayotgan masalalarga alohida e’tibor qaratdi.
O‘rganishlar davomida Xurriyat mahalla fuqarolar yig‘ini So‘qoq shox ko‘chasida, Kungay jome masjidi yonida joylashgan chorrahada avtomobillar va piyodalar harakatini xavfsiz tashkil etish masalasi dolzarb ekani qayd etildi.
🚘 Chorrahada harakat xavfsizligini ta’minlash muhim.
Serqatnov yo‘llarda transport vositalari harakatini tartibga solish, piyodalarning yo‘lni xavfsiz kesib o‘tishlari uchun zarur sharoit yaratish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, bolalar, keksalar va boshqa piyodalar harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalari xavfini kamaytirish hamda transport oqimini tartibli tashkil etish alohida e’tibor talab qiladi.
Shu bois mazkur chorrahada svetofor o‘rnatish imkoniyatini ko‘rib chiqish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirishga qaratilgan zarur choralarni belgilash masalasi ko‘tarildi.
📌Mas’ul tashkilotga deputatlik so‘rovi yuborildi.
Ushbu masala yuzasidan Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashi deputati Xojiboyev Jalol Xatamboyevich tomonidan Parkent tumani IIB JXX YHX bo‘limi boshlig‘i, mayor R. R. Saitbabayev nomiga deputatlik so‘rovi kiritildi.
So‘rovda chorrahadagi mavjud vaziyatni belgilangan tartibda o‘rganish, svetofor o‘rnatish imkoniyatini ko‘rib chiqish, transport vositalari va piyodalar harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish hamda masala yuzasidan asoslantirilgan ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.
✅ Deputatlik faoliyatining asosiy maqsadi — aholi manfaatlarini himoya qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni mas’ul tashkilotlar oldida ko‘tarish va ularning qonuniy yechim topishiga ko‘maklashishdir.
Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashi deputatlari joylarda aholi bilan muloqot qilish, mavjud muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga taklif hamda deputatlik so‘rovlarini yuborish orqali hududlar rivoji va aholi farovonligiga xizmat qiluvchi masalalarga e’tibor qaratib kelmoqda.
📌 Eslatma: Mazkur svetoforni o‘rnatish bo‘yicha hozircha deputatlik so‘rovi yuborilgan. Masalaning yakuniy yechimi va ko‘riladigan choralar mas’ul tashkilot tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishi lozim.

Slide 1 of 2