📝 Mazkur qaror yoshlarga oid davlat siyosatini samarali amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda ularni norma ijodkorligi jarayonlariga keng jalb etishga xizmat qiladi.
🏛 Qarorga muvofiq, Yoshlar maslahat guruhlari mahalliy Kengashlar huzurida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan maslahat organi sifatida tashkil etiladi.
📁 Yoshlar maslahat guruhining asosiy maqsadi — yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni jamiyat va davlat boshqaruvidagi jarayonlarga faol jalb etish, yoshlar masalalariga oid qaror loyihalarini ishlab chiqish va muhokama qilishda ishtirokini taʼminlashdan iborat.
📋 Guruhning asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilangan:
🔺 hududlardagi yoshlar muammolarini oʻrganish va ularni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
🔺 yoshlarga oid davlat siyosati ijrosida faol ishtirok etish;
🔺 qonun hujjatlari va davlat dasturlarini yoshlar orasida keng targʻib qilish;
🔺 mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalari bilan hamkorlikda oʻrganish va nazorat-tahlil tadbirlarida qatnashish;
🔺 yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish va huquqiy madaniyatini yuksaltirish;
🔺 konferensiya, forum, seminar, davra suhbati, tanlov va sport-musobaqalari kabi tadbirlarni tashkil etishga koʻmaklashish;
🔺 yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning tashabbus va iqtidorlarini ragʻbatlantirish.
🤝 Shuningdek, Yoshlar maslahat guruhi aʼzolari mahalliy Kengash deputatlariga “ustoz-shogird” tamoyili asosida biriktiriladi. Bu esa yoshlarning tajriba orttirishi, liderlik koʻnikmalarini rivojlantirishi hamda kelgusida yetuk kadrlar sifatida shakllanishiga xizmat qiladi.
📝 Nizomga koʻra, guruh tarkibi 16 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan faol, tashabbuskor va iqtidorli yoshlardan shakllantiriladi. Ular orasida mahalla yoshlar yetakchilari, talaba-yoshlar, oʻquvchilar hamda turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan yoshlar boʻlishi mumkin.
💬 Mazkur qaror yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda hududlarda yoshlar bilan ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi.