Shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori O. Jumayevning 2026-yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, Termiz shahrida 4 634 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs istiqomat qiladi. Ularning 914 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 3 720 nafari esa voyaga yetgan shaxslardir.
Bugungi kunda shahardagi 37 ta mahallada 37 nafar kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim faoliyat yuritib, aholining ijtimoiy ehtiyojlarini o‘rganish va zarur yordamlarni tashkil etishda ishtirok etmoqda. Fuqarolarga jami 120 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Hisobotda nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, zarur texnik vositalar bilan ta’minlash, bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlarini tashkil etish va ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish borasidagi ishlar ham ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar davomida deputatlar ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirish, har bir fuqaroning individual ehtiyojlarini chuqur o‘rganish hamda mavjud muammolarni mahallalar kesimida hal etish muhimligini ta’kidladilar.
355 NAFAR FUQARO MAXSUS VOSITALAR BILAN TA’MINLANDI: REABILITATSIYA XIZMATLARI QAMROVI KENGAYMOQDA
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning salomatligini tiklash, kundalik hayotdagi imkoniyatlarini kengaytirish va jamiyatda faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash masalalari Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 26-sessiyasida muhokama qilindi.
Shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori O. Jumayev hisobotida keltirilishicha, 2026-yil 1-oktabr holatiga 355 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlangan. Shundan 269 nafari reabilitatsiya texnik vositalari, 86 nafari esa protez-ortopediya moslamalarini olgan.
Shuningdek, shaharda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlari rivojlantirilmoqda. Amu sohili, Do‘stlik, Chegara va Eskishahar mahallalaridagi to‘rtta tashkilot tomonidan 69 nafar bolaga kunduzgi parvarish xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Uch yoshgacha bo‘lgan bolalarning rivojlanishidagi muammolarni erta aniqlashga qaratilgan “Erta aralashuv” xizmati orqali 3 nafar bola qamrab olingan. Katta yoshdagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tashkil etilgan “Yangi kun” kunduzgi qarab turish xizmatidan esa 48 nafar fuqaro foydalanmoqda.
Sessiya muhokamasida ehtiyojmand fuqarolarni zarur vositalar bilan o‘z vaqtida ta’minlash, reabilitatsiya xizmatlari samaradorligini oshirish hamda yangi ijtimoiy xizmatlar qamrovini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.
2,3 MILLIARD SO‘MDAN ORTIQ IJTIMOIY YORDAM: MUHTOJ OILALARNI QO‘LLAB-QUVVATLASH MASALASI SESSIYADA
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 26-sessiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslar va ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularga manzilli yordam ko‘rsatish ishlari tahlil qilindi.
Shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori O.Jumayevning hisobotiga ko‘ra, 2026-yil 1-oktabr holatiga “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan jami 2 milliard 297 million 46 ming 747 so‘m miqdorida ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan.
Mablag‘lar fuqarolarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, oziq-ovqat, kiyim-kechak va zarur tovarlar xaridi, uy-joyni ta’mirlash, davolanish, ijara subsidiyasi hamda kommunal xarajatlarni qoplash kabi yo‘nalishlarga ajratilgan.
Hisobotda keltirilgan asosiy ko‘rsatkichlar:
1 mlrd 337,9 mln so‘m — kiyim-kechak va boshqa eng zarur tovarlarni xarid qilish uchun;
576,6 mln so‘m — oziq-ovqat bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun;
262,2 mln so‘m — uy-joyni ta’mirlash uchun;
83,8 mln so‘m — jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun;
20,6 mln so‘m — jarrohlik amaliyotisiz davolanish xarajatlari uchun.
Eng ko‘p ijtimoiy yordam ajratilgan mahallalar qatorida Guliston mahallasi — 249,9 mln so‘m, Ma’rifat mahallasi — 136,9 mln so‘m va Amu sohillari mahallasi — 121,2 mln so‘m bilan qayd etilgan.
Sessiya davomida ijtimoiy yordamni aholining real ehtiyojlaridan kelib chiqib manzilli yo‘naltirish, yordamga muhtoj fuqarolarni aniqlash va ajratilgan mablag‘lar samaradorligini kuzatib borish masalalari muhokama qilindi.