Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining sessiyasida aholini qiynayotgan dolzarb masalalardan biri — ko‘p qavatli uylarning tabiiy gaz tarmog‘iga ulanmagani muhokama qilinmoqda.
Jumladan, 7-“Bog‘ishamol” saylov okrugi deputati Allamurodova Shohista Nosirovna tomonidan “Bog‘ishamol” mahallasi, Islom Karimov ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash masalasi kun tartibiga olib chiqildi.
O‘rganishlar davomida Islom Karimov ko‘chasidagi 198-uy, 66-xonadon, shuningdek, 196-uy va 36-“V” uylarida tabiiy gaz ta’minotiga ulanish bilan bog‘liq muammolar mavjudligi aniqlangan. Xususan, fuqaro Sh. Egamberdiyev xonadonida tegishli ruxsat mavjud bo‘lishiga qaramay, uy foydalanishga topshirilganidan buyon tabiiy gaz ta’minoti yo‘lga qo‘yilmaganini bildirgan.
Sessiya muhokamasi davomida mazkur masala yuzasidan Termiz shahar gaz ta’minoti mas’ullari tomonidan tushuntirish va javoblar berilmoqda.
Asosiy e’tibor muammoning sabablarini aniqlash, mavjud to‘siqlarni bartaraf etish va xonadonlarni tabiiy gaz tarmog‘iga ulash bo‘yicha amaliy choralarni belgilashga qaratilmoqda.
Aholining kundalik turmushiga bevosita ta’sir ko‘rsatayotgan ushbu masalaning deputatlik nazorati doirasida ko‘rib chiqilishi fuqarolar murojaatlariga yechim topish yo‘lidagi muhim qadamlardan biridir.