Aholi bandligini ta’minlash, yangi va barqaror ish o‘rinlarini yaratish, fuqarolarning doimiy daromad manbalarini kengaytirish hamda kambag‘allikni qisqartirish bugungi kunda mahallalarda olib borilayotgan ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-sentabrdagi “Barqaror ish o‘rinlarini yaratish va kichik biznesni jadal rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–193-son Farmoni bilan ushbu yo‘nalishda aniq vazifalar belgilangan. Farmonda hududlarda barqaror ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha shtablar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularning ishini tizimli tashkil etish hamda ajratilayotgan resurslarning natijadorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlashda mahalliy Kengashlarning deputatlik nazorati ham muhim o‘rin tutadi.
Bugungi seminarda berilgan tavsiyalar asosida Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi raisi O.Axmatshayev, Kengash kotibiyati mudiri A.Ermatov, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari A.Turdaliyev hamda moliya va iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i N.Valiyev ishtirokida mahallalarda aholi bandligi va daromadini oshirish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha shtab faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish davomida mahallalarda aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlash, ishsiz fuqarolarni bandlikka jalb etish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagidagi fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ehtiyojmand oilalar bilan manzilli ishlash hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ajratilayotgan moliyaviy resurslarning maqsadli va natijador ishlatilishi, har bir loyiha ortida aniq ish o‘rni va daromad manbai yaratilishi, mahallalardagi mavjud muammolarni aniqlash va ularni o‘z vaqtida hal etish masalalari muhokama qilindi. Farmonda tuman va shahar shtablariga resurslardan foydalanish, aholi va loyihalar bilan ishlash hamda natijadorlikni ta’minlash bo‘yicha qator vazifalar yuklatilgan.
Endilikda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni deputatlik nazorati asosida yanada tizimli tashkil etish, har bir mahalla kesimida mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimi yuzasidan mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.
Shu bilan birga, mahallalarda aniqlangan va shahar darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarni tegishli doimiy komissiyalarda muntazam muhokama qilib borish, zarur hollarda mas’ul tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish hamda Farmon ijrosini Kengash sessiyalarida muhokama qilish orqali deputatlik nazoratining amaliy samaradorligini oshirishga e’tibor qaratiladi.
Bu jarayonda asosiy mezon — amalga oshirilgan ishlar soni emas, balki har bir mahallada nechta fuqaro barqaror ish bilan ta’minlangani, nechta oilaning doimiy daromad manbai shakllangani va ko‘rsatilgan yordam qanday aniq natija berganidir.