🇺🇿 Sherobod tumanida manzil-koloniyada o‘rganish ishlari olib borildi
Xalq deputatlari Sherobod tumani Kengashi raisi O. Tursunov hamda 22-Bo‘ston saylov okrugidan saylangan deputat A. To‘xtashov Sherobod tumanida joylashgan 41-son manzil-koloniyasida bo‘ldilar.
Tashrif davomida manzil-koloniyada saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, mehnat bilan bandligi hamda ijtimoiy-ma’naviy muhit bilan yaqindan tanishildi.
Shuningdek, muassasa hududidagi infratuzilma, yaratilgan sharoitlar va olib borilayotgan ishlar o‘rganildi.
Yig‘ilish davomida koloniyada saqlanayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, bandligini oshirish hamda jamiyatga moslashuv jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar tinglandi. Mas’ullarga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, yashash sharoitlarini yanada yaxshilash hamda tarbiyaviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.
Tashrif yakunida manzil-koloniyada olib borilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda fuqarolarning huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.