Mahallada hokim yordamchisi faoliyati o‘rganildi
Xalq deputatlari Uzun tumani Kengashi kotibiyati xodimi U.Toshboyev hamda xalq deputatlari tuman Kengashi huzuridagi Ekspertlar guruhi a'zolari bilan hamkorlikda "Serxarakat" mahallasida bo‘lib, mahalla hokim yordamchisining faoliyati bilan tanishdi.
O‘rganish davomida hokim yordamchisi tomonidan aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqa va dehqon xo‘jaliklaridan samarali foydalanish, fuqarolarning daromad manbalarini oshirish, murojaatlar bilan ishlash hamda davlat dasturlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, mahallada amalga oshirilayotgan loyihalar, mavjud muammo va kamchiliklar, ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda aholining bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan belgilangan vazifalar ijrosi muhokama qilindi. Mas’ullar bilan o‘zaro fikr almashilib, hokim yordamchisi faoliyati samaradorligini yanada oshirish, hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish va aniqlangan masalalar yuzasidan tegishli tavsiya hamda takliflar ishlab chiqildi.