Deputatni jinoiy javobgarlikka tortishga, ushlab turishga, qamoqqa olishga yoki unga nisbatan sud tartibida beriladigan maʼmuriy jazoni qoʻllashga rozilik olish uchun deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisidagi masala tegishincha tuman prokurorining yoki yuqori turuvchi prokurorning taqdimnomasiga binoan Kengash tomonidan oʻn kun ichida hal etilishi lozim.
Hududiy prokuratura organining taqdimnomasi Kengash kotibiyatida roʻyxatga olingan kundan boshlab taqdim etilgan deb hisoblanadi.
Taqdimnoma boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ tomonidan kiritilgan taqdirda, mazkur taqdimnoma koʻrib chiqilmaydi va u uni kiritgan davlat organiga Kengash kotibiyati tomonidan darhol qaytarib yuboriladi.
Kengash deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum qilish rad etilgan taqdirda yuqori turuvchi prokuror belgilangan tartibda ushbu qarorni bekor qilish va qayta koʻrib chiqish uchun topshirish toʻgʻrisida yuqori turuvchi Kengashga, Oliy Majlis Senatiga taqdimnoma kiritishi mumkin.
Asos: KQ-791-IV-sonli Qaror. 02.08.2024-yil