Yangiliklar

So‘ngi yangiliklar

VII-chaqiriq Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashining navbatdagi 18-sessiyasi to'g'risida axborot

 Joriy yilning 12-fevral kuni Amudaryo tumani hokimligining majlislar zalida Yettinchi chaqiriq Xalq deputatlari tuman Kengashining 18-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Kengash deputatlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, tegishli tashkilot va muassasalar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Sessiya O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat madhiyalari sadolari ostida ochildi. Majlisga Xalq deputatlari Amudaryo tuman Kengashi raisi Alisher Yo‘ldashev raislik qildi. Sessiya kotibligiga “24-Qangli” saylov okrugidan deputat Dilnoza Otabayeva nomzodi deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. 

Sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalar tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, kambag‘allikni qisqartirish,
sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish hamda norma ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada samarali tashkil etishga qaratildi.
 

Sessiyada dastlab tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Faxriddin Yusupov hisobot berdi. Hisobotda tumanda “Yangi O‘zbekiston” ko‘rinishidagi
mahallalarni shakllantirish, aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun namunali hududlarni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumotlar berildi.
 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida tuman (shahar) va mahallalarni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi
uchun namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 298-son qaroriga muvofiq Amudaryo tumanida 3 ta hudud — Kuyuk ko‘pir va Qilichboy ovullari hamda Qipchoq shaharchasi tanlab olingan. Mazkur hududlarda shahar muhiti va zamonaviy yashash sharoitlarini joriy etish maqsadida respublika byudjetidan 10 mlrd so‘m, mahalliy byudjetdan 5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
 

Dastur doirasida mazkur mahallalarda ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minotini yaxshilash, obodonlashtirish ishlarini
amalga oshirish, ijtimoiy soha ob’ektlarini tartibga keltirish kabi qator tizimli chora-tadbirlar belgilangan.
 

Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi asosida tumandagi 7 ta og‘ir toifadagi
hudud — O‘zbekiston, Qum yop, Qoramon, Yuqori qishloq, Jumurovul mahallalari, Nazarxon ovuli va Jumurtov shaharchasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
 

Ushbu hududlarda tomorqalarni suv bilan ta’minlash, elektr ta’minotini yaxshilash, ichki yo‘llarni asfalt va shag‘allashtirish orqali infratuzilmani
mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Mazkur maqsadlar uchun respublika budjetidan 14 mlrd so‘m va mahalliy budjetdan 7 mlrd so‘m mablag‘ ajratish bo‘yicha taklif ilgari surildi.
 

Sessiyada 2025-yil davomida tuman mahalliy budjetining ijrosi ham ko‘rib chiqildi. Hisobotda budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi,
ijtimoiy soha obektlarini moliyalashtirish, infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan xarajatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.
 

Kun tartibidagi navbatdagi masala yuzasidan tuman Adliya bo‘limining Inson huquqlarini himoya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish
bo‘yicha bosh maslahatchisi Suhrob Haytboyev axborot berdi.
 

Qayd etilishicha, 2025-yil davomida bo‘limga jami 142 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, shundan 139 tasi ariza va 3 tasi shikoyatni tashkil
etgan. Kelib tushgan murojaatlarning 141 tasi ko‘rib chiqilib, 40 tasi qanoatlantirilgan, 101 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan. Shuningdek, yil davomida 142 nafar fuqaro bevosita shaxsiy qabulda qabul qilinib, ularning murojaatlari belgilangan tartibda hal etilgan.
 

Axborotda tumanda norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish, huquqni qo‘llash amaliyotini izchil yo‘lga qo‘yish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilgan targ‘ibot ishlari ham alohida ta’kidlandi. 

Sessiyada mahallalar kesimida oyma-oy maqsadli ko‘rsatkichlarni tasdiqlash masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan tuman kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i Ruslan Narimbetov hisobot berdi. Hisobotda aholini doimiy ish bilan ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish orqali daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida ma’lumot berildi. 

Axborotda ta’kidlanganidek, 2026-yilda tumanda kambag‘allik darajasini 3,2 foizgacha va ishsizlik darajasini 4,7 foizgacha pasaytirish, 4 887 nafar aholini doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish hamda 16 ming 500 nafar aholi daromadini oshirish, 1 472 ta kambag‘al oilalarda yashovchi 6,5 ming nafar aholini ularning daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olish, shuningdek, kambag‘allik va ishsizlikdan xoli mahallalar sonini 3 taga yetkazish maqsad qilingan. Bundan tashqari, joriy yil davomida 5 039 nafar norasmiy ish o‘rinlarini legallashtirish va 701 nafar mutaxassisni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish reja qilingan. 

Sessiyada Amudaryo tumanida sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga oid davlat dasturlarining bajarilishi, kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush
tarzini shakllantirish hamda shoshilinch tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish bo‘yicha loyiha konsepsiyasini kelishish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Mazkur masala yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Shuhrat Jumaniyazov hisobot berdi.
 

Hisobotga ko‘ra, 2024-yilda tumanda 4 589 nafar, 2025-yilda esa 4 244 nafar chaqaloq tug‘ilgan. 2025-yilda jami 887 nafar fuqaro vafot etgan. Shundan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 92 nafarni tashkil etgan. 2025 yil davomida 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 70 nafarni tashkil etib, har 1000 tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan intensiv ko‘rsatkich 16,5 ni tashkil qilgan. 

Sessiya kun tartibiga kiritilgan barcha masalalar deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilinib, bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga
olingan holda tegishli qarorlar qabul qilindi. Qabul qilingan qarorlar tumanni kompleks rivojlantirish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligi va farovonligini oshirish, shuningdek, ijtimoiy sohalarda samaradorlikni ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
 

Slide 1 of 10